Выберите язык

Maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish – aholiga ko‘rsatiladigan muhim kommunal xizmatlardan biridir. Biroq ayrim hududlarda ushbu xizmat sifati bo‘yicha muammolar hanuz uchrab turibdi. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, iste'molchilarga qarzdorlik hisoblanishi, to‘lov kvitansiyasi berilmasligi yoki ommaviy shartnoma shartlariga rioya etilmasligi fuqarolarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa ishonch telefoni orqali Quva tumanidan kelib tushgan ikkita murojaat ham aynan shu kabi muammolarni yuzaga chiqardi.

Quva tumani Yangixayot MFYda yashovchi fuqaro X. D. murojaatida chiqindi olib ketish xizmati muntazam ko‘rsatilmayotgani, amalga oshirilgan to‘lovlar uchun kvitansiya berilmagani hamda asossiz qarzdorlik hisoblanayotgani haqida ma'lum qilgan. Kamiga qarzdorlik bartaraf etilmasa elektr energiyasidan uzilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgani ham iste'molchining haqli noroziligiga sabab bo‘lgan.

Murojaat yuzasidan Quva tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari joyiga chiqib o‘rganish olib bordi. O‘rganish davomida xizmat ko‘rsatuvchi korxonaga ommaviy shartnoma hamda iste'molchining shaxsiy hisobvarag‘i bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim etish yuzasidan so‘rov yuborilgan bo‘lsa-da, unga javob berilmagani qayd qilindi.

Shuningdek, iste'molchining to‘lovlarni muntazam amalga oshirganiga qaramay, chiqindilar ommaviy shartnomada belgilangan muddatlarda emas, bir oy yoki bir yarim oyda bir marta olib ketilgani ma'lum bo‘ldi.

Quva tumani Dehqonobod MFYda yashovchi fuqaro S. T. esa ikki oy davomida maishiy chiqindilar umuman olib ketilmaganini, shunga qaramay ko‘rsatilmagan xizmat uchun qarzdorlik hisoblanganini bildirib murojaat qilgan.

O‘rganish jarayonida mahalla mas'ullari ham chiqindilar may va iyun oylarida olib ketilmaganini dalolatnoma bilan tasdiqlagan. Shunga qaramay iste'molchiga ko‘rsatilmagan xizmat uchun 98 ming so‘m noreal qarzdorlik hisoblab borilgani aniqlangan.

Har ikkala murojaatni o‘rganish davomida xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan ommaviy shartnoma talablariga rioya qilinmagani aniqlandi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, yakka tartibdagi turar joylardan maishiy chiqindilar signal asosida kamida haftasiga bir marta olib chiqilishi lozim. Biroq o‘rganish natijalari ushbu talab amalda bajarilmaganini ko‘rsatdi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan o‘rganish yakunida xizmat ko‘rsatuvchi korxona faoliyatida "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunning 19 hamda 21-moddalari talablari buzilgani qayd etildi.

Murojaatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar vakolat doirasida ko‘rib chiqilishi uchun Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasiga yuborildi. Shu bilan birga xizmat ko‘rsatuvchi korxona rahbariyati va xodimlariga iste'molchilar huquqlari bo‘yicha qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. 

Mazkur ikki holat shuni ko‘rsatadiki, kommunal xizmatlar uchun to‘lov undirishning o‘zi yetarli emas. Xizmat avvalo sifatli, o‘z vaqtida va ommaviy shartnoma shartlariga muvofiq ko‘rsatilishi lozim.

Agar iste'molchiga xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, asossiz qarzdorlik hisoblangan bo‘lsa yoki to‘lov tasdiqlovchi hujjatlar berilmasa, bunday holatlarga befarq qarab bo‘lmaydi. Qonun iste'molchiga o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatini beradi.

Shunday vaziyatga duch kelsangiz, 1091 qisqa ishonch telefoni orqali yoki murojaat.istemol.uz elektron platformasi yordamida murojaat qilishingiz, shuningdek O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda uning hududiy tashkilotlari ko‘magidan foydalanishingiz mumkin. Bu ko‘plab nizolarni sudgacha bo‘lgan bosqichda qonuniy va samarali hal etishga xizmat qiladi.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening