Chiroqchi tumanida iste’molchi huquqi tiklandi: nosoz muzlatgich uchun 3,5 million so‘m qaytarildi
Sifatli va xavfsiz maishiy texnika xarid qilish har bir iste’molchining qonuniy huquqidir. Ayniqsa, kundalik hayotda muntazam foydalaniladigan muzlatgich kabi texnik vositalarning sozligi va belgilangan kafolat talablariga javob berishi muhim.
Xarid qilingan mahsulotda nuqson aniqlangan taqdirda esa iste’molchi o‘zining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga haqli.
Ma'lum qilinishicha, Qamashi tumanida yashovchi fuqaro B.N. Chiroqchi tumanidagi maishiy texnika do‘konidan 3 500 000 so‘mga Shivaki rusumli muzlatgich xarid qilgan. Uyga olib borib ulagach, muzlatgich ishlamagan.
Servis ustasi tok kuchlanishi pastligi sabab deb ko‘rsatgan, biroq fuqaro bu izohdan qoniqmagan, chunki do'kon mudiri muzlatgichni past tok kuchlanishida ham ishlashiga kafolat berishgan.
Iste'molchi holatdan norozi bo‘lib, Chiroqchi tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga amaliy yordam so'rab murojaat qilgan.
Tuman jamiyati mutaxassislar tomonidan murojaat qonun doirasida atroflicha o‘rganilib, do‘kon rahbari bilanyuzma - yuz suhbat olib borildi.
Natijada, do‘kon ma'sullari o‘z xatosini tan olib, iste'molchi tomonidan nosoz muzlatgich uchun to‘langan 3 500 000 so‘m pul miqdori fuqaroga to'liqligicha naqd holda qaytarib olib berildi.
Mazkur holat iste’molchi murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, uning qonuniy talablari ta’minlanganining amaliy ifodasidir.
Har bir iste’molchi xarid vaqtida mahsulot sifati, kafolat muddati va savdo shartlariga e’tibor qaratishi, nosozlik yoki boshqa muammo yuzaga kelgan taqdirda esa o‘z huquqlarini qonuniy tartibda himoya qilishi lozim.
























