"Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International) rahbariyati o‘rtasida videomuloqot o‘tkazildi.
Ushbu muloqot mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari, xususan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatiga davlatimiz rahbari tomonidan bildirilayotgan yuksak ishonchning xalqaro maydondagi amaliy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti so‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashni, ularning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va ta’sirini oshirishni davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berdi. Ayniqsa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yuritayotgan NNTlarga huquqiy, institutsional va tashkiliy sharoitlar yaratilmoqda. Bu chora-tadbirlar iste’molchilar manfaatlarini samarali himoya qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qilayotir.
Consumers International 1960 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 115 ta mamlakatdan 200 dan ortiq iste’molchilar tashkilotini birlashtirgan eng yirik global tuzilmadir. Tashkilot BMTda maslahatchilik maqomiga ega bo‘lib, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OESR)ning maxsus iqtisodiy guruhi va Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO)ning maslahat guruhi tarkibiga kiradi.
Tashkilot butun dunyoda iste’molchilarning salomatligi, xavfsizligi va iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan siyosat va tashabbuslarni ilgari surish bilan shug‘ullanadi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2018 yildan buyon Consumers Internationalning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. Bu mamlakatimiz iste’molchilar harakatining xalqaro maydonda tan olinganini va milliy tashkilotlar global kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etib kelayotganini ko‘rsatadi.
Global kongress iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi eng nufuzli xalqaro forum bo‘lib, unda mahsulot va xizmatlar xavfsizligi, adolatli bozor, raqamli iqtisodiyotda iste’molchi manfaatlari hamda yoshlar va kam ta’minlangan guruhlarning huquqlarini ta’minlash masalalari muhokama markazida bo‘ladi.
Ushbu Kongressning O‘zbekistonda o‘tkazilishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat tashkilotlarning rolini kuchaytirish va inson manfaatlarini davlat siyosatining markaziga qo‘yish tamoyillari bilan to‘la uyg‘un ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Kongress mamlakatimiz uchun iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, nodavlat tashkilotlar salohiyatini yanada oshirish va O‘zbekistonni mazkur yo‘nalishda mintaqaviy yetakchi sifatida namoyon etish uchun keng imkoniyatlar ochadi.
Xalqaro iste’molchilar tashkiloti kongressining O‘zbekistonda o‘tkazilishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi yutuqlar, nodavlat tashkilotlarga davlat rahbari tomonidan bildirilayotgan ishonch va O‘zbekistonning xalqaro iste’molchilar harakatidagi faol ishtirokining mantiqiy va tarixiy natijasidir.
























