Termiz shahrida fuqaroning dorixonadan xarid qilgan dori vositalari bilan bog‘liq murojaati o‘rganildi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda yuzaga kelgan muammolarga amaliy yechim topish borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Termiz shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan fuqaro Orifov Hakim dorixonadan xarid qilgan dori vositalari bilan bog‘liq holat yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.
Fuqaroning yozma murojaatida qayd etilishicha, u 2026-yil 19-avgust kuni Termiz shahridagi “Sal Bio” MChJ dorixonasidan 5 dona dori vositasini xarid qilgan. Xarid qilingan dori vositalarining ayrimlari bo‘yicha iste’molchiga yetarli tushuntirish berilmagani hamda ularning xarid qilinishi bilan bog‘liq e’tirozlar yuzaga kelgani sababli fuqaro tegishli tashkilotga murojaat qilgan.
Murojaat Termiz shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganilib, iste’molchiga amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada fuqaro o‘zida e’tiroz uyg‘otgan 3 ta dori vositasini dorixonaga qaytargan.
Shundan so‘ng mazkur dori vositalari uchun avval to‘langan 207 000 so‘m mablag‘ iste’molchiga qaytarib berildi. Fuqaro ko‘rsatilgan amaliy yordamdan mamnunligini bildirib, murojaatining ijobiy hal etilganini qayd etgan.
Mazkur holat dori vositalarini xarid qilishda iste’molchiga mahsulot haqida zarur va tushunarli ma’lumot berish, shuningdek, savdo jarayonida iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash muhimligini ko‘rsatadi.
Iste’molchi murojaati — e’tiborda! Fuqarolarning murojaatlari orqali yuzaga kelayotgan muammolar o‘rganilib, ularni qonuniy va amaliy yo‘l bilan hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
























