Uzun tumanida nogironligi bo‘lgan farzandi uchun amaliy yordam so‘rab qilingan murojaat o‘rganilib, fuqaroning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.
Uzun tumani “Yangi shahar” mahallasi Bahori toj ko‘chasida yashovchi fuqaro X.J. Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, farzandi H.A. o‘zgalar parvarishiga muhtoj ekani, o‘zi mustaqil harakatlana olmasligi sababli nogironlik aravachasiga ehtiyoj borligini bildirgan.
Murojaatda fuqaro farzandining sog‘lig‘i va harakatlanish imkoniyati cheklangani sababli kundalik turmushda qiyinchiliklarga duch kelayotganini bayon etib, nogironlik aravachasi olishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan. Ushbu murojaat Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinib, o‘rganish ishlari olib borildi.
Murojaat Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati hamda Uzun tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mas’ullari bilan hamkorlikda joyida o‘rganildi. O‘rganish jarayonida fuqaroning oilaviy va ijtimoiy holati, farzandi H.A.ning sog‘lig‘i, harakatlanish imkoniyati hamda nogironlik aravachasiga bo‘lgan ehtiyoji atroflicha ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, H.A. haqiqatdan ham o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lib, mustaqil ravishda harakatlanishda qiynaladi. Shu sababli unga nogironlik aravachasi zarur ekani tasdiqlandi. Masalani ijobiy hal etish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rildi.
Olib borilgan o‘rganish va hamkorlikdagi sa’y-harakatlar natijasida fuqaroning farzandi H.A.ga 8 000 000 so‘mlik elektron, o‘zi yuradigan nogironlik aravachasi ajratildi hamda belgilangan tartibda xonadoniga olib borib topshirildi.
Ushbu amaliy yordam natijasida nogironligi bo‘lgan bolaning harakatlanish imkoniyati yaxshilandi, oilaning ijtimoiy-maishiy sharoitini yengillashtirishga ko‘maklashildi. Fuqaro ko‘rsatilgan yordam uchun Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati hamda mas’ul tashkilotlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Mazkur holat fuqarolarning murojaatlari e’tiborsiz qolmayotgani, joylarda ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va alohida parvarishga muhtoj fuqarolarning muammolarini o‘rganish hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar tizimli davom etayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatda erkin harakatlanishi, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi va kundalik turmush sharoitlarini yaxshilash uchun zarur texnik vositalar bilan ta’minlanishi muhim ahamiyatga ega.
Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ehtiyojmand oilalarga amaliy-huquqiy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























