Uzun tumanida fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelib tushgan murojaat o‘rganilib, ehtiyojmand oilaning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Uzun tumani “Do‘stlik” mahallasi Gulzor ko‘chasida yashovchi fuqaro S.R. Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, farzandi I.X. tikuvchilik kasbiga qiziqishi borligi, kelgusida uy sharoitida tikuvchilik bilan shug‘ullanishni istayotgani sababli tikuv mashinasi olishda amaliy yordam so‘ragan.
Murojaatda fuqaro oilaning ijtimoiy holati, farzandining hunar o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi hamda uy sharoitida daromad topish imkoniyatini yaratish masalasida ko‘mak zarurligini bildirgan. Mazkur holat jamiyat tomonidan e’tiborga olinib, murojaat belgilangan tartibda o‘rganildi.
Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan murojaat yuzasidan “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘iniga tegishli xat chiqarildi. Unda murojaatchining holatini o‘rganish, farzandining tikuvchilik bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratish va amaliy yordam ko‘rsatish masalasi ko‘rib chiqilishi so‘raldi.
O‘rganish natijasida “Do‘stlik” mahallasi mas’ullari, xususan, hokim yordamchisi tomonidan fuqaroning murojaati ijobiy ko‘rib chiqildi. Natijada I.X.ga tikuvchilik faoliyatini boshlashi uchun foizsiz qarz, ya’ni ssuda evaziga jami 10 000 000 so‘mlik tikuv jihozlari olib berildi.
Xususan, unga to‘g‘ri chokli tikuv mashinasi hamda overlok tikuv mashinasi taqdim etilib, uy sharoitida tikuvchilik bilan shug‘ullanishi uchun zarur imkoniyat yaratildi.
Mazkur amaliy yordam nafaqat bir oilaning murojaatini ijobiy hal etish, balki yoshlarning hunar egallashi, oilaviy daromad manbaini shakllantirishi va o‘z mehnati orqali turmush sharoitini yaxshilashiga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Tikuv mashinalari olib berilishi natijasida fuqaroning farzandi kelgusida o‘z qiziqishi bo‘yicha faoliyat yuritish, buyurtmalar qabul qilish va mustaqil daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash borasidagi ishlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Mazkur holat fuqarolarning murojaatlari e’tiborsiz qolmayotgani, joylardagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tomonidan nafaqat savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi masalalar, balki aholining ijtimoiy-maishiy ehtiyojlari bilan bog‘liq murojaatlar ham o‘rganilayotganini ko‘rsatadi.
Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ehtiyojmand oilalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























