Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida va xolis ko‘rib chiqish, ularning qonuniy huquq hamda manfaatlarini himoya qilish iste’molchilar huquqlarini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan har bir murojaat amaldagi qonunchilik talablari asosida atroflicha o‘rganilib, muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Asaka tumani Chek mahalla fuqarolar yig‘inining Hamdo‘stlik ko‘chasi 86-uyida yashovchi iste’molchi Dadaboyev Muhammadali Xomidjonovichning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasiga yo‘llagan murojaati O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Asaka tuman jamiyati xodimlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.
Murojaat yuzasidan “O‘zenergoinspeksiya” mutaxassislari hamda murojaatchi ishtirokida Asaka shahri Kamolot mahallasi hududida joylashgan avtomobil gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish natijasida iste’molchidan gaz quyish xizmati uchun ortiqcha mablag‘ undirilgani aniqlanib, ushbu holat joyida bartaraf etildi hamda iste’molchining qonuniy huquqlari tiklanishi ta’minlandi.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi subyekt mas’ullariga kelgusida iste’molchilardan ortiqcha mablag‘ undirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish hamda xizmat ko‘rsatish sifati va shaffofligini ta’minlash yuzasidan tegishli tushuntirish ishlari olib borildi.
Mazkur murojaatning ijobiy hal etilishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda fuqarolarning murojaatlari doimo e’tibor markazida ekanining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
























