Fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni adolatli va qonuniy asosda hal etish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tizimining ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. Har bir murojaatning atroflicha o‘rganilishi esa iste’molchilarning huquqlarini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Oltinko‘l tumani Oqtepa MFY, Nurafshon ko‘chasi 62-uyda yashovchi fuqaro Sobirov Omadbek Davlatbek o‘g‘li tomonidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda fuqaro “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Oltinko‘l tuman filiali tomonidan o‘ziga tegishli avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasiga 3 million 200 ming so‘m miqdorida asossiz qarzdorlik hisoblanganidan norozi ekanligini bildirib, ushbu masalani hal etishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.
Murojaat Oltinko‘l tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilib, masalaga oid barcha hujjatlar va hisob-kitoblar mutaxassislar ishtirokida tahlil qilindi. Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Oltinko‘l tuman filiali bilan hamkorlikda qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar natijasida iste’molchining shaxsiy hisob raqamiga texnik nosozlik sababli boshqa abonentning hisob raqami bog‘lanib qolganligi, natijada esa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan qarzdorlik shakllanganligi aniqlandi. Ushbu holat iste’molchining aybi bilan yuzaga kelmaganligi va hisoblangan qarzdorlik asossiz ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi.
Jamiyat tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam hamda mutasaddi tashkilot bilan olib borilgan samarali hamkorlik natijasida aniqlangan xatolik bartaraf etildi. Fuqaroga nisbatan hisoblangan 3 million 200 ming so‘mlik noreal qarzdorlik billing tizimidan chiqarilib, elektr energiyasi bo‘yicha hisob-kitoblar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq ravishda qayta tiklandi.
Natijada murojaatchining qonuniy huquq va manfaatlari to‘liq himoya qilinib, uning murojaatida ko‘tarilgan masala ijobiy hal etildi.
Mazkur holat iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishda murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, muammolarning asl sabablarini chuqur o‘rganish va ularni qonuniy asosda bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor tasdiqlaydi.
Oltinko‘l tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda amaliy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
























