Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda ularni qiynayotgan muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, aholi bilan ochiq va samimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, har bir murojaat ortida turgan inson taqdiriga mas’uliyat bilan yondashish davlat organlari va jamoatchilik institutlari faoliyatining muhim mezoniga aylangan.
Shu maqsadda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan haftaning har juma kuni an’anaviy tarzda Sayyor qabul tashkil etib kelinmoqda.
Navbatdagi sayyor qabul boshqarma boshlig‘i O‘tkirbek Mashrapov boshchiligida o‘tkazilib, unda fuqarolar tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi muammolar, shartnomaviy munosabatlar, sifatsiz mahsulotlar, kommunal va boshqa xizmatlar bilan bog‘liq murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qabul davomida har bir murojaat sinchkovlik bilan tinglanib, amaldagi qonunchilik asosida batafsil huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi. Joyida hal etish imkoniyati mavjud bo‘lgan murojaatlar yuzasidan tezkor choralar ko‘rilib, fuqarolarning muammolariga ijobiy yechim topildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan masalalar esa mas’ullar ishtirokida nazoratga olinib, belgilangan tartibda ijroga yo‘naltirildi.
Sayyor qabullar aholining davlat va jamoat tashkilotlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, iste’molchilarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda ularning qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, bunday ochiq muloqotlar orqali fuqarolarni qiynayotgan masalalar joyida o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq va amaliy choralar belgilanmoqda.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi bundan buyon ham aholi bilan ochiq muloqotni izchil davom ettiradi, har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashib, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida tizimli ishlarni amalga oshiradi.
























