Выберите язык

Bugungi kunda iste’molchi faqat mahsulot xarid qiluvchi yoki xizmatdan foydalanuvchi shaxs emas, balki bozor munosabatlarining faol ishtirokchisidir. U tanlaydi, to‘laydi, sifat talab qiladi va zarur holatda o‘z huquqini himoya qilishga haqli. Shu bois aholining iste’molchi sifatidagi huquqiy savodxonligini oshirish jamiyatda adolatli savdo, sog‘lom raqobat va mas’uliyatli tadbirkorlik muhitini shakllantirishning muhim sharti hisoblanadi.

Amaldagi qonunchilikda iste’molchining tovar, ish yoki xizmat haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovarni erkin tanlash, uning sifatli hamda xavfsiz bo‘lishini talab qilish huquqlari belgilangan. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim holatlarda fuqarolar o‘z huquqlarini yetarli darajada bilmagani sababli muammoga duch kelmoqda.

Aholi murojaatlari tahlil qilinganda, ko‘plab nizolar xarid jarayonida zarur hujjatlarga e’tibor bermaslik, chek yoki kafolat talonini saqlamaslik, mahsulot nuqsonli chiqqanda qanday talab qo‘yishni bilmaslik natijasida yuzaga kelayotgani kuzatiladi. Ayrim iste’molchilar og‘zaki va’da yoki norasmiy kelishuvlarga ishonib qoladi. Natijada mahsulot sifatsiz chiqqanida yoki xizmat ko‘rsatishda kamchilik aniqlanganda o‘z manfaatini himoya qilishda qiyinchilikka duch keladi.

Aslida sotuvchi iste’molchiga tovar yoki xizmat haqida o‘z vaqtida, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Mahsulot nomi, asosiy xususiyatlari, narxi, foydalanish tartibi, kafolat muddati, sotib olish shartlari va boshqa muhim ko‘rsatkichlar iste’molchiga aniq tushuntirilishi lozim. Bu talablar nafaqat iste’molchining huquqini himoya qiladi, balki sotuvchi va xaridor o‘rtasida ishonchli munosabat shakllanishiga ham xizmat qiladi.

Eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri — nuqsonli mahsulot xarid qilinganda iste’molchining qanday yo‘l tutishni bilmasligidir. Qonunchilikka ko‘ra, agar mahsulotdagi nuqson xarid vaqtida oldindan ma’lum qilinmagan bo‘lsa, iste’molchi mahsulotni sifatlisiga almashtirish, nuqsonni bepul bartaraf etish, ta’mirlash xarajatlarini qoplatish yoki shartnomani bekor qilib, to‘langan pulni qaytarishni talab qilish huquqiga ega.

Shuningdek, mahsulot qaytarilganda pul mablag‘i odatda qanday shaklda to‘langan bo‘lsa, xuddi shu shaklda qaytarilishi kerak. Bu jarayonda iste’molchining chek, kafolat taloni, shartnoma yoki to‘lovni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni saqlab qo‘yishi muhim ahamiyatga ega. Chunki hujjatlar murojaatni tez va qonuniy asosda ko‘rib chiqishda asosiy dalil bo‘lib xizmat qiladi.

Iste’molchilarning huquqiy savodxonligini oshirish faqat tushuntirish ishlari bilan cheklanib qolmasligi zarur. Bu jarayon doimiy, tizimli va amaliy natijaga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Fuqaroga “huquqingiz bor” deyishning o‘zi yetarli emas. U qaysi holatda qayerga murojaat qilishini, qanday hujjat talab etilishini, qanday tartibda o‘z manfaatini himoya qilishi mumkinligini aniq bilishi lozim.

Shu maqsadda mahallalarda “Iste’molchi burchagi”ni tashkil etish samarali natija beradi. Bunday burchaklarda iste’molchining asosiy huquqlari, nuqsonli mahsulot bo‘yicha talab qo‘yish tartibi, chek va kafolat hujjatlarining ahamiyati, murojaat qilish manzillari sodda va tushunarli tilda joylashtirilishi lozim.

Ta’lim muassasalarida ham “Yosh iste’molchi madaniyati” mavzusida qisqa seminar va suhbatlar tashkil etish maqsadga muvofiq. Chunki bugungi yoshlar onlayn savdo, mobil aloqa, maishiy texnika, elektron xizmatlar va raqamli to‘lovlardan faol foydalanmoqda. Ularning huquqiy savodxon bo‘lishi kelgusida mas’uliyatli iste’molchi va qonuniy munosabatlarga asoslangan jamiyat shakllanishiga xizmat qiladi.

Bozorlar, savdo markazlari va xizmat ko‘rsatish obyektlarida xaridorlar uchun qisqa eslatmalar joylashtirish ham muhim. “Chekni talab qiling”, “Kafolat hujjatini saqlang”, “Nuqson aniqlansa, yozma murojaat qiling”, “1091 ishonch telefoniga murojaat qiling” kabi aniq va sodda chaqiriqlar iste’molchilarga o‘z huquqlarini eslatib turadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda real hayotiy misollar asosida qisqa kontentlar tayyorlash ham ta’sirchan usullardan biridir. Quruq qonuniy izohlardan ko‘ra, “fuqaro murojaat qildi — holat o‘rganildi — mablag‘i qaytarildi” shaklidagi amaliy voqealar aholiga tezroq yetib boradi va ishonch uyg‘otadi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar bilan ham profilaktik ishlarni kuchaytirish zarur. Chunki iste’molchi huquqlari faqat aholiga tushuntirilsa-yu, sotuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi subyektlarning majburiyatlari yetarli darajada yoritilmasa, nizolar kamaymaydi. Savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlariga chek berish, kafolat shartlarini tushuntirish, sifatsiz mahsulot bo‘yicha qonuniy talablarni bajarish madaniyatini singdirish lozim.

Iste’molchilarning huquqiy savodxonligi oshsa, fuqarolar xarid jarayonida yanada mas’uliyatli bo‘ladi, tadbirkorlar esa qonun talablariga ko‘proq rioya qiladi. Natijada asossiz nizolar kamayadi, murojaatlar sifatli ko‘rib chiqiladi, bozorda ishonch muhiti mustahkamlanadi.

Eng muhimi, huquqini bilgan iste’molchi aldanib qolmaydi. U o‘z vaqtida murojaat qiladi, hujjatlarini saqlaydi va qonuniy manfaatini himoya qila oladi. Shu bois iste’molchilarning huquqiy savodxonligini oshirish bugungi kunda nafaqat targ‘ibot yo‘nalishi, balki jamiyatda adolatli bozor munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim vazifadir.



Inobat Karimova
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyat hududiy birlashmasi Axborot xizmati rahbari  

 

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening