Qumqo‘rg‘onda iste’molchining nosoz konditsioner bilan bog‘liq murojaati ijobiy hal etildi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda muammolariga amaliy yechim topish borasida Qumqo‘rg‘on tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri Qumqo‘rg‘on tumani Navbahor mahallasida yashovchi fuqaro Muhammadieva Maftuna tomonidan jamiyatga yo‘llangan.
Fuqaro murojaatida tumandagi Beshqahramon mahallasida joylashgan “Omon-Zomon MChJ”ga qarashli “Artel” savdo do‘konidan 3 500 000 so‘mga “IMMER” rusumli konditsioner sotib olganini bildirgan. Konditsionerdan foydalanish jarayonida uning nosozligi aniqlangan.
Murojaat Qumqo‘rg‘on tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganilib, savdo do‘koni boshlig‘i D. Xo‘jaqulov hamda iste’molchi ishtirokida holat yuzasidan tegishli o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish natijasida iste’molchiga sotilgan “IMMER” rusumli konditsionerda nosozlik mavjudligi aniqlanib, masalaga amaliy yechim topildi. Natijada nosoz konditsioner yangisiga almashtirib berildi.
Bu haqda Qumqo‘rg‘on tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan rasmiy ma’lumotnoma rasmiylashtirilgan. Fuqaro ham murojaatining ijobiy hal etilganini tasdiqlab, tashakkurnoma bildirgan.
Mazkur holat iste’molchi murojaatlarini e’tiborsiz qoldirmaslik, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni qonuniy tartibda hal etish muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Iste’molchi o‘z huquqini bilsa, muammo yechimsiz qolmaydi.
























