Surxondaryo viloyati Denov tumanida iste'molchi huquqlarini himoya qilish borasidagi yana bir murojaat ijobiy yechim topdi. Fuqaroning texnik nosozlik yuzasidan qilgan murojaati mutasaddi tashkilot tomonidan o'rganilib, muammo bartaraf etildi.
Ma'lum bo'lishicha, Denov shahri Sanoatchilik mahallasida yashovchi fuqaro I. Qulnazarova 2026-yil 8-iyun hamda 17-iyun kunlari Denov tumani Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaatda u muddatli to'lov asosida xarid qilgan 12 talik "Primer" rusumli konditsionerda texnik nosozlik yuzaga kelganini bildirgan.
Murojaat tegishli tartibda ko'rib chiqilib, jamiyat mutaxassislari tomonidan mahsulotning texnik holati o'rganildi. O'rganish natijasida servis xizmati orqali konditsionerga zarur ehtiyot qismlar o'rnatilib, mavjud nosozliklar to'liq bartaraf etilgani ma'lum qilindi.
Rasmiy javob xatiga ko'ra, ta'mirlash ishlari yakunlangach, konditsioner texnik talablarga muvofiq holda to'liq soz holatga keltirilgan va undan foydalanish uchun yaroqli deb topilgan.
Shuningdek, murojaatchiga O'zbekiston Respublikasining "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida"gi Qonunining 33-moddasiga muvofiq, qabul qilingan javobdan norozi bo'lgan taqdirda yuqori turuvchi tashkilotlarga yoki sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi ham tushuntirilgan.
Mazkur holat iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi amalda ishlayotganini, fuqarolarning qonuniy murojaatlari o'z vaqtida ko'rib chiqilib, iste'molchilarning manfaatlarini himoya qilish bo'yicha zarur choralar ko'rilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Mutaxassislar iste'molchilarga xarid qilingan maishiy texnika yoki boshqa mahsulotlarda nosozlik aniqlangan taqdirda kafolat hujjatlari va xaridni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash hamda o'z huquqlarini himoya qilish uchun vakolatli tashkilotlarga murojaat qilishni tavsiya etmoqda. Bu esa yuzaga kelgan muammolarni qonuniy yo'l bilan tez va samarali hal etishga xizmat qiladi.
Iste'molchi murojaati ijobiy hal etildi: Nosoz konditsioner bepul ta'mirlandi
- Информация о материале
- Автор: Surxondaryo viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 18
























