Ba’zan iste’molchilar xarid qilgan mahsulotida nuqson aniqlanganda uni qaytarish yoki almashtirish masalasida turli muammolarga duch kelishadi. Ana shunday holatlardan biri yuzasidan Federatsiyaga kelib tushgan murojaat o‘rganilib, iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirildi.
Jumladan, joriy yilning 19-may kuni Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali fuqaro M.M. tomonidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda iste’molchi Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan “IDEA” savdo do‘konidan 2026-yil 9-mart kuni 2 million 250 ming so‘m qiymatidagi videoregistrator xarid qilgani, biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida uning sifatsiz ekani aniqlanganini ma’lum qilgan.
Murojaatda qayd etilishicha, iste’molchi nuqsonli mahsulotni 9-aprel kuni savdo do‘koniga qaytarib topshirgan hamda to‘langan pul mablag‘larini qaytarish talabi bilan murojaat qilgan. Biroq oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramasdan, pul mablag‘lari qaytarib berilmagani sababli iste’molchi o‘z noroziligini bildirgan.
Mazkur murojaat Toshkent shahar hududiy birlashmasi xodimlari tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar davomida iste’molchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar tahlil qilinib, masala yuzasidan “IDEA Concept Group” MChJ vakillari bilan suhbat va muzokaralar olib borildi. Tomonlarga iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Ko‘rilgan amaliy choralar va olib borilgan muzokaralar natijasida iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirilib, fuqaro M.M. foydasiga 2 million 250 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari to‘liq qaytarib berilishiga erishildi.
Mazkur holat iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash hamda murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish Federatsiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Iste’molchiga 2 million 250 ming so‘m mablag‘ qaytarib berildi
- Информация о материале
- Автор: Poytaxt matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 17
























