Выберите язык

«Bugun avans bersangiz, shu narxda olib qolasiz». Xonadon izlayotgan odam bunday gapni savdo ofisida ham, telefon orqali ham eshitishi mumkin. Oylar davomida uy qidirgan xaridor uchun qulay taklifni qo‘ldan chiqarmaslik muhim. Ammo shoshilib berilgan birinchi to‘lov keyinchalik pulni qaytarish yoki va’da qilingan xonadonni talab qilish bilan bog‘liq nizoga sabab bo‘lishi mumkin. Xaridor shu xavflarni kamaytirish uchun pul to‘lashdan oldin uch narsani aniqlashi kerak — xonadonni kim sotyapti, u nimani va’da qilyapti va bu va’da qaysi hujjatda yozilgan?

1. Tayyor xonadon sotib olyapsizmi yoki qurilishga pul kirityapsizmi?
Tayyor xonadon xaridida sotuvchidan kadastr raqami va davlat reyestridan ko‘chirmani so‘rang. Ko‘chirmadagi mulkdor, manzil va maydonni sizga ko‘rsatilgan xonadon ma’lumotlari bilan solishtiring. Sotuvchi mulkdorning vakili bo‘lsa, uning sotishga vakolati borligini notarius orqali tekshirtiring. Xonadon garovda turibdimi, unga taqiq qo‘yilganmi, bitim uchun boshqa shaxslarning roziligi kerakmi — bularni bitimdan oldin aniqlashtiring. Ko‘chirma va taqiqni my.gov.uz orqali tekshirish xizmatlari mavjud. Oldi-sotdi rasmiylashtirilgach, mulk huquqi nomingizga davlat ro‘yxatidan o‘tganini ko‘chirma orqali tasdiqlang.

Qurilayotgan uydan xonadon tanlasangiz, avvalo quruvchining to‘liq yuridik nomi va STIRini oling. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar, loyiha hujjatlari, ekspertiza xulosasi va qurilish ishlarini boshlash uchun obyekt ro‘yxatdan o‘tkazilganiga oid ma’lumotlarni so‘rang. Hujjatlardagi manzil va blok raqami aynan siz tanlagan binoga tegishli bo‘lsin. Eng muhimi, shartnomada majburiyatni qaysi tashkilot olayotganini aniqlang. Turar joy majmuasining reklamadagi nomi bilan shartnomani imzolayotgan korxonaning yuridik nomi turlicha bo‘lishi mumkin.
Yangi bino tayyor ko‘rinsa, undan foydalanishga ruxsat berilganini va aynan siz tanlagan xonadonga bo‘lgan huquq davlat reyestrida qayd etilganini alohida tekshiring. Kalit topshirilgan sana, bino foydalanishga ruxsat olgan sana va mulk huquqi ro‘yxatdan o‘tgan sana turli hujjatlarda aks etishi mumkin.

2. Og‘zaki va’dalarni shartnomaga kiriting
«Uy yil oxirida tayyor bo‘ladi», «ta’mir narxga kiradi», «avtoturargoh ajratiladi» kabi va’dalar xarid qaroriga ta’sir qiladi. Siz uchun muhim har bir shart shartnomaning o‘zida yoki taraflar imzolagan ilovada yozilsin. Imzolashdan oldin shartnoma loyihasini olib, quyidagi savollarga yozma javob toping.
Masalan, shartnomada xonadon maydoni 65 kvadrat metr, yakuniy o‘lchovda esa 62 kvadrat metr chiqdi. Bunday holatda uch kvadrat metr bo‘yicha qayta hisob-kitob qilish tartibi, qo‘llanadigan narx va pulni qaytarish muddati oldindan yozilgan bo‘lsa, taraflar nimaga kelishganini aniqlash osonlashadi.

3. Avans va «bron puli»ni ham hujjat bilan to‘lang
«Xonadonni band qilish uchun pulni menejer kartasiga o‘tkazing» degan taklif tushsa, to‘lovni to‘xtatib, rasmiy tartibni aniqlang. Avans yoki band qilish uchun to‘lov so‘ralsa, pulni kim, qaysi xonadon uchun va qanday shart bilan olayotgani yozma ravishda ko‘rsatilishi kerak. To‘lov yakuniy narxga qo‘shiladimi, bitim tuzilmasa qaytariladimi va qachon qaytariladi — bularni pul o‘tkazishdan oldin biling. To‘lov hujjatida shartnoma raqami va to‘lov maqsadi aks etsin.
Ulushli qurilishda alohida tartib bor. Prezidentning 2025-yil 27-yanvardagi PF-11-son Farmoni qurilishga ulushdor mablag‘larini 2026-yil 1-yanvardan faqat eskrou hisobvaraqlari orqali jalb etishni belgilaydi. Eskrou — mablag‘ bankda saqlanib, belgilangan shartlar bajarilgach tegishli tomonga o‘tkaziladigan mexanizm. Ulushli qurilishga pul kiritishdan oldin shartnomaning rasmiylashtirilishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini tekshiring.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening