O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga fuqaro R.T. tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda iste’molchi Olmaliq shahrida faoliyat yuritayotgan “Auto Liga” avtosalonidan JAC M4 rusumli avtomobil xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgani, biroq avtomobilni xarid qilish jarayonida unga shartnomaning nusxasi taqdim etilmaganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, murojaatchining ta’kidlashicha, foydalanish jarayonida avtomobilning motor qismi, “stsepleniya” hamda uzatmalar qutisi (karobka) bilan bog‘liq texnik nosozliklar va sifatsizlik holatlari aniqlangan. Shu sababli iste’molchi avtomobilni avtosalonga qaytarib topshirgan bo‘lsa-da, muammo uzoq vaqt davomida ijobiy hal etilmagan hamda avtomobil almashtirib berilmagan.
Mazkur murojaat O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Toshkent viloyati hududiy birlashmasi hamda Olmaliq shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mas’ul xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.
O‘rganish jarayonida “Auto Liga” MChJ hamda distribyutor vakillari bilan bir necha bor muzokaralar olib borildi. Shu bilan birga, avtomobil xaridori bo‘lgan iste’molchi R.T. ishtirokida uchrashuv tashkil etilib, masala yuzasidan tomonlarning fikr va mulohazalari tinglandi hamda amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Olib borilgan muzokaralar va erishilgan kelishuv natijasiga ko‘ra, iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirildi hamda 2026-yil 8-may kuni JAC M4 rusumli avtomobil yangisiga almashtirib berildi.
Mazkur holat iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va yuzaga kelayotgan muammolarni amaliy yechim orqali bartaraf etishda olib borilayotgan tizimli ishlarning yana bir amaliy natijasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan fuqarolarning iste’mol sohasidagi murojaatlarini o‘rganish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda tadbirkorlik subyektlari bilan yuzaga kelayotgan nizolarni qonuniy tartibda ҳал etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
























