O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-noyabrdagi 414-sonli “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Hududiy birlashmasi tomonidan hududlarda jamoatchilik monitoring tadbirlari olib borilmoqda.
Navbatdagi monitoring jarayonlarida savdo shoxobchalarida realizatsiya qilinayotgan kolbasa mahsulotlarining iste’molchilarga taqdim etilish holati, mahsulotlar markirovkasi hamda yaroqlilik muddati haqidagi ma’lumotlarning mavjudligi o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida ayrim kolbasa mahsulotlarida ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddati ko‘rsatilgan qism ustiga narx yorliqlari yopishtirilganligi kuzatildi. Natijada iste’molchilar mahsulotning muhim xususiyatlari, xususan ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati bilan to‘liq tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmay qolmoqda.
Monitoring davomida savdo nuqtalari vakillari bilan suhbatlar o‘tkazildi. Ularning ma’lum qilishicha, mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan tayyor holda qabul qilinadi va ayrim hollarda narx yorliqlari mahsulot qadoqlariga oldindan joylashtirilgan bo‘ladi. Mutaxassislar tomonidan iste’molchilarga taqdim etilayotgan mahsulotlar haqidagi axborotlar ochiq va tushunarli bo‘lishi lozimligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Ma’lumki, kolbasa mahsulotlari tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlari sirasiga kiradi. Mahsulot turi va saqlash sharoitlariga qarab uning yaroqlilik muddati 10 kundan 40 kungacha bo‘lishi mumkin. Shu sababli ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddati mahsulot qadoqlarida aniq va o‘qish mumkin bo‘lgan shaklda ko‘rsatilishi muhim ahamiyatga ega.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iste’molchilar kolbasa mahsulotlarini xarid qilishda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratishlari lozim:
mahsulotning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatini tekshirish;
qadoqdagi ma’lumotlar boshqa yorliqlar bilan yopib qo‘yilmaganiga ishonch hosil qilish;
mahsulotning saqlash sharoitlariga e’tibor berish;
qadoqning butunligi va tashqi ko‘rinishini ko‘zdan kechirish;
xarid qilingan mahsulot uchun to‘lov hujjatini saqlab qo‘yish.
Iste’molchi mahsulot haqida to‘liq, ishonchli va o‘z vaqtida axborot olish huquqiga ega. Mahsulot tarkibi, ishlab chiqarilgan sana, yaroqlilik muddati hamda saqlash sharoitlari haqidagi ma’lumotlar iste’molchining to‘g‘ri tanlov qilishi va o‘z salomatligini himoya qilishi uchun xizmat qiladi.
Monitoring tadbirlarida ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etdi. Xususan, jarayonlar Mahalla telekanali ijodiy guruhi tomonidan tasvirga olinib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan jamoatchilik nazorati ishlari keng jamoatchilikka yetkazildi.
Toshkent viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Hududiy birlashmasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini ta’minlash, bozorlarda va savdo nuqtalarida qonunchilik talablariga rioya etilishiga ko‘maklashish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan monitoring va targ‘ibot tadbirlari davom ettiriladi.
Toshkent viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Hududiy birlashmasi Matbuot xizmati
























