Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Jizzax shahar jamiyatining tayanch guruhlari, faol a’zolari va mas’ul xodimlari ishtirokida hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni jamiyatning «Tayanch guruhi» rahbari O‘g‘iloy Siddiqova olib bordi. Konferensiyada Jizzax shahar jamiyati raisi Tohir Tojiyevning hisoboti eshitilib, jamiyatning o‘tgan davrdagi faoliyati sarhisob qilindi.
Hisobotda iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, aholiga huquqiy maslahat va amaliy ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, iste’mol madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Konferensiyada jamiyat raisi lavozimiga Tohir Tojiyevning nomzodi qayta ko‘rib chiqilib, ishtirokchilarning ovoz berish natijalariga ko‘ra u Jizzax shahar jamiyati raisi etib yana qayta saylandi.
Shuningdek, tayanch guruhining faol a’zolariga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi faol ishtiroki va jamoatchilik ishlariga qo‘shgan hissasi uchun tashakkurnomalar topshirildi.
Yig‘ilish yakunida jamiyatning kelgusi faoliyatiga doir ustuvor vazifalar belgilab olindi. Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, tayanch guruhlari faoliyatini kuchaytirish va aholi bilan ochiq muloqotni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shu bilan birga, Federatsiyaning navbatdagi konferensiyasida Jizzax shahar jamiyati nomidan ishtirok etadigan delegatlar saylandi.
Konferensiya yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
























