Kattaqo‘rg‘on shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan yillar davomida iste'molchilar manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini ta'minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, yil boshida tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq, 35 ta davra suhbati va seminar-uchrashuvlar tashkil etilib, ularda "Iste'molchilar har doim qonun himoyasida" hamda "Hamisha iste'molchi haq" mavzularida targ‘ibot ishlari olib borildi. Tadbirlar davomida fuqarolarga iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari, murojaat qilish tartibi hamda huquqiy himoya mexanizmlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, shahar hududidagi ta'lim muassasalari, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarida jamoatchilik nazorati asosida monitoringlar o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida iste'molchilarga yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, isitish tizimlarining holati hamda yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta'minlanganlik darajasi tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan shahar hokimligi va viloyat hududiy birlashmasiga tegishli ma'lumot hamda takliflar kiritildi.
Ayniqsa, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim tashkilotlarining isitish tizimlari alohida nazoratga olinib, Xalq ta'limi mas'ul xodimlari bilan hamkorlikda har bir ta'limo muassasasida o‘rganishlar olib borildi. Monitoringlar natijasida ayrim maktablarga yetkazib berilgan ko‘mir mahsulotlari sifati talab darajasida emasligi hamda ayrim isitish tizimlarida mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga tanqidiy ma'lumotlar va takliflar taqdim etildi.
Hisobotda murojaatlar bilan ishlash natijalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Ta'kidlanishicha, 2026-yilning birinchi yarim yilligida jamiyatga kelib tushgan 68 ta murojaatning 95 foizi ijobiy hal etilib, iste'molchilar foydasiga 281 million 843 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ undirib berildi. Amalga oshirilgan ishlar ommaviy axborot vositalari hamda shahar hokimligining rasmiy Telegram sahifalari orqali keng yoritib borildi.
Yig‘ilish yakunida Kattaqo‘rg‘on shahar jamiyati faoliyati yuzasidan fikr va mulohazalar bildirilib, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi samaradorligini yanada oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
























