Bugungi kunda iste’molchilar tomonidan xarid qilingan mahsulotlarning sifatli bo‘lishi va ulardan belgilangan muddat davomida muammosiz foydalanish huquqi qonun bilan kafolatlangan. Mahsulotda nuqson aniqlangan taqdirda esa iste’molchi o‘z huquqlarini himoya qilish va muammoni qonuniy yo‘l bilan hal etishni talab qilishga haqlidir.
Ana shunday murojaatlardan biri Marhamat tumani Ozodlik MFYda yashovchi fuqaro T.Djalilov tomonidan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali yo‘llandi.
Iste’molchining ma’lum qilishicha, u joriy yilning 10-may kuni Marhamat tumani markazida joylashgan “Imkon” savdo do‘konidan LG rusumli muzlatgichni 1 yil muddatga bo‘lib to‘lash shartnomasi asosida xarid qilgan.
Biroq may oyining oxirlarida mahsulot texnik nosozlik sababli ishlamay qolgan. Iste’molchi 27-may kuni muzlatgichni do‘konga qaytarib topshirgan bo‘lsa-da, mas’ul xodimlar tomonidan mahsulot servis xizmatiga yo‘naltirilmagan. Shuningdek, amaldagi holatni bartaraf etish o‘rniga shartnomani qayta rasmiylashtirishga urinish iste’molchining noroziligiga sabab bo‘lgan.
Mazkur murojaat Marhamat tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, holat yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, o’tkazilgan o‘rganishlar va olib borilgan ishlar natijasida iste’molchiga yangi LG rusumli muzlatgich olib berildi.
Natijada murojaat ijobiy hal etilib, iste’molchining qonuniy huquq va manfaatlari to‘liq tiklandi.
























