Выберите язык

Iste’molchi huquqlarini himoya qilish – fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning adolatli va sifatli xizmatlardan foydalanish huquqini kafolatlashning muhim omillaridan biridir. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida elektr energiyasi, tabiiy gaz va kommunal xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borar ekan, ushbu sohada yuzaga kelayotgan muammolar va murojaatlar soni ham ko‘paymoqda.

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ayrim hollarda iste’molchilarga nisbatan noqonuniy qarzdorliklar hisoblanishi, dalolatnomalar qonun talablariga zid ravishda rasmiylashtirilishi kabi holatlar uchrab turibdi. Biroq qonuniy murojaatlar, mutasaddi tashkilotlarning hamkorligi va sud organlarining xolis qarorlari natijasida fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanmoqda.

Shunday murojaatlardan biri Qo‘rg‘ontepa tumani Norbota MFY, Yoshlik ko‘chasi 25-uyda yashovchi fuqaro M.SH tomonidan bildirildi. Fuqaro o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida Andijon viloyati hududiy elektr tarmoqlari AJ Andijon hududiy filiali Qo‘rg‘ontepa tumani elektr ta’minoti korxonasiga nisbatan sudga da’vo arizasi kiritdi.

Da’vo arizasida 2024-yil 19-noyabr kuni tuzilgan №001210-sonli dalolatnoma asosida hisoblangan 43 million 992 ming 720 so‘mlik qarzdorlik noqonuniy deb topilishi, mazkur qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilish hamda unga ilova qilingan hisob-kitob hujjatlarini haqiqiy emas deb topish so‘ralgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumanlararo sudi tomonidan ish atroflicha o‘rganilib, da’vogarning talablari to‘liq qanoatlantirildi. Sud jarayonida iste’molchining elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘rnatilgan hisoblagich ko‘rsatkichlari asosida muntazam ravishda amalga oshirib kelgani aniqlandi va ushbu holat ishonchli dalil sifatida baholandi.

Shuningdek, sud tomonidan dalolatnoma iste’molchi ishtirokisiz tuzilgani, xolislar jalb etilmagani, elektron tizim orqali rasmiylashtirilmagani hamda hisob-kitoblar yetarli hujjatlar bilan tasdiqlanmagani qonunchilik talablariga zid deb topildi. Natijada iste’molchiga nisbatan hisoblangan 43 million 992 ming 720 so‘mlik noreal qarzdorlik to‘liq bekor qilindi.Bundan tashqari, javobgar tashkilot hisobidan da’vogar foydasiga 41 ming 200 so‘m pochta xarajatlari undirildi hamda davlat foydasiga 824 ming so‘m davlat boji undirish belgilandi.

Mazkur ish iste’molchi huquqlarini himoya qilish jamiyatining fuqarolar manfaatlarini himoya qilishdagi amaliy faoliyati va samarali yordamini yana bir bor namoyon etdi. Eng muhimi, fuqaroning qonuniy huquqlari tiklanib, unga asossiz ravishda yuklatilgan moliyaviy majburiyat bekor qilindi.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening