Aholining iste’molchilik huquqlarini ta’minlash, ularning kundalik hayotda duch kelayotgan muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda huquqiy bilimlarini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda G‘ijduvon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumandagi mahallalarda tizimli o‘rganish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
O‘rganishlar davomida jamiyat mutaxassislari mahalla aholisi bilan bevosita muloqot qilib, savdo, maishiy va kommunal xizmatlar, kredit va moliyaviy xizmatlar, sifatsiz mahsulot xaridi, kafolat muddati, tovarni almashtirish yoki qaytarish, xizmat ko‘rsatish sifati hamda boshqa iste’molchilik munosabatlariga oid masalalar yuzasidan fuqarolarning fikr va murojaatlarini tinglamoqda.
Fuqarolarga iste’molchi sifatida qonunchilikda belgilangan huquqlari, xarid vaqtida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, shartnomalarni imzolashdan oldin ularning shartlarini diqqat bilan o‘rganish, to‘lov va xaridni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash, shuningdek, huquqlari buzilgan taqdirda murojaat qilish tartibi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilmoqda.
Ayniqsa, aholining muammolarini faqat murojaat kelib tushgandan keyin emas, balki mahallalarning o‘zida o‘rganish orqali aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa iste’molchilarni qiynayotgan masalalarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga amaliy va huquqiy ko‘mak ko‘rsatish hamda ayrim muammolarning kelib chiqishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvlar jarayonida fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunida nazarda tutilgan asosiy huquqlar mazmun-mohiyati ham tushuntirilmoqda. Jumladan, iste’molchining tovar va xizmat haqida to‘liq hamda ishonchli ma’lumot olish, sifatli va xavfsiz mahsulot xarid qilish, yetkazilgan moddiy zarar qoplanishini talab qilish hamda buzilgan huquqlarini qonuniy tartibda himoya qilish imkoniyatlari yuzasidan tegishli tavsiyalar berilmoqda.
G‘ijduvon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan mahallalarda bu kabi o‘rganishlar, sayyor uchrashuvlar va huquqiy maslahatlar berish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Asosiy maqsad — aholiga yanada yaqin bo‘lish, iste’molchilar muammolarini joyida o‘rganish va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga amaliy ko‘maklashishdir.
























