Bugungi kunda bozorlarda va savdo majmualarida minglab turdagi mahsulotlar sotuvga qo‘yilmoqda. Xaridor esa tovarni tanlashdan oldin uning tarkibi, ishlab chiqaruvchisi, ishlab chiqarilgan sanasi, foydalanish muddati va boshqa muhim ma'lumotlar bilan tanishish huquqiga ega. Mahsulot yorliqlarida davlat tilida ma'lumotlarning mavjud bo‘lmasligi esa iste'molchini to‘g‘ri tanlov qilish imkoniyatidan mahrum qilishi mumkin.
Shunday holatlardan biri Quva tumanida faoliyat yuritayotgan savdo shoxobchasida ham kuzatilib, shu tumanda yashovchi fuqaro Sh.R. do‘kondagi tovarlar yorliqlarining aksariyatida davlat tilidagi yozuvlar va iste'molchi uchun zarur ma'lumotlar mavjud emasligi yuzasidan O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga murojaat qoldirgan.
Mazkur murojaat asosida Quva tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan savdo ob'ektida o‘rganish ishlari tashkil etildi. O‘rganish jarayonida savdo do‘koni mas'ul xodimlari ishtirokida sotuvga qo‘yilgan mahsulotlar ko‘zdan kechirildi.
Aniqlanishicha, ayrim mahsulotlarning yorliqlari faqat xorijiy tilda, xususan xitoy tilida yozilgan bo‘lib, iste'molchi uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar davlat tilida taqdim etilmagan. Mahsulotlarning asosiy xususiyatlari, ishlab chiqaruvchisi, ishlab chiqarilgan sanasi va boshqa muhim ma'lumotlar ham iste'molchiga tushunarli shaklda ko‘rsatilmagan. Bundan tashqari, savdo ob'ektining kirish qismida sub'ektning nomi, yuridik manzili hamda ish tartibi to‘g‘risidagi axborotlar ham to‘liq joylashtirilmagani ma'lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste'molchiga tovar (ish yoki xizmat) haqida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma'lumotni o‘z vaqtida taqdim etishi shart.
Mahsulotning nomi, tarkibi, ishlab chiqaruvchisi, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati, foydalanish qoidalari kabi muhim ma'lumotlar iste'molchi uchun tushunarli tilda berilgan bo‘lishi lozim. Bu esa iste'molchiga tovarni ongli ravishda tanlash, undan xavfsiz foydalanish hamda o‘z huquqlarini himoya qilish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Qonunning 7-moddasiga muvofiq, agar tovar haqida yetarli va ishonchli ma'lumot taqdim etilmagan bo‘lsa yoki ma'lumotlar iste'molchi uchun tushunarsiz shaklda berilgan bo‘lsa, buning oqibatida iste'molchi noto‘g‘ri tanlov qilgan taqdirda, u shartnomani bekor qilish, tovarni sotuvchiga qaytarish, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanishi mumkin.
Shu bois mahsulot yorliqlarida davlat tilida aniq va tushunarli ma'lumotlarning mavjud bo‘lishi nafaqat iste'molchining qonuniy huquqini ta'minlaydi, balki sotuvchi uchun ham kelgusida nizolar, moddiy zararlar va sud ishlarining oldini olishga xizmat qiladi.
O‘rganish yakunida do‘kon mas'ul xodimlariga iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik talablari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mahsulotlar haqidagi ma'lumotlarni qonun talablariga muvofiqlashtirish hamda iste'molchilarga to‘liq va tushunarli axborot taqdim etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar bildirildi.
Shu o‘rinda xaridorlarga mahsulotlar xarid qilayotganda quyidagilarga albatta e'tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz:
- mahsulot nomi va vazifasi;
- ishlab chiqaruvchi haqidagi ma'lumotlar;
- ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddati;
- tarkibi va foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar;
- narxi va boshqa muhim ma'lumotlar davlat tilida mavjudligi.
Agar ushbu ma'lumotlar mavjud bo‘lmasa yoki sizning iste'molchi sifatidagi huquqlaringiz buzilayotgan bo‘lsa, buni e'tiborsiz qoldirmang. Iste'mol sohasida huquqlaringiz buzilgan taqdirda O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tashkilotlari sizga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor.
























