O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimida fuqarolarning savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi murojaatlarini o‘rganish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda yuzaga kelgan muammolarni amaliy hal etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Kamol Ahadov tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, xarid qilgan bolalar mebeli sifatsiz chiqqanidan noroziligini bildirgan.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro Boysun tumani “Yuqori mahalla” hududidagi savdo do‘konlaridan biridan bolalar uchun mo‘ljallangan stol-stul jamlanmasini 1 million 500 ming so‘mga xarid qilgan.
Biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida uning sifati talab darajasida emasligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng iste’molchi savdo do‘koni xodimlariga murojaat qilib, mahsulotni qaytarish yoki sifatlisiga almashtirishni so‘ragan. Masala o‘z vaqtida hal etilmagach, fuqaro Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatidan amaliy yordam so‘ragan.
Kelib tushgan murojaat tuman jamiyati tomonidan nazoratga olinib, unda ko‘rsatilgan holatlar atroflicha o‘rganildi. Jamiyat mutaxassislari savdo do‘koni vakillari bilan bog‘lanib, mahsulotning sifati va iste’molchining talablari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berdi. Xususan, iste’molchining sifatsiz mahsulotni sifatlisiga almashtirish yoki mahsulot uchun to‘lagan pulini qaytarib olish huquqiga ega ekani savdo shoxobchasi mas’ullariga eslatildi. Shuningdek, sotuvchiga iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari hamda xaridor oldidagi majburiyatlari tushuntirildi.
Olib borilgan o‘rganish va tushuntirish ishlari natijasida sifatsiz bolalar mebeli savdo do‘koniga qaytarildi. Mahsulot uchun to‘langan 1 million 500 ming so‘m mablag‘ iste’molchiga qaytarib berildi. Shu tariqa, fuqaroning murojaati qisqa muddatda ijobiy hal etilib, uning iste’molchi sifatidagi qonuniy huquqlari tiklandi.
Mazkur holat fuqarolar xarid qilayotgan mahsulotlarning sifatiga e’tiborli bo‘lishi, savdo cheki va boshqa xarid hujjatlarini saqlashi muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi. Mahsulotda nuqson aniqlangan taqdirda iste’molchi sotuvchidan uni sifatlisiga almashtirishni yoki to‘langan mablag‘ni qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tuzilmalari fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirmoqda.
Iste’molchi huquqlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelsangiz, Federatsiyaning 1091 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.
























