Divan, shkaf, oshxona mebeli yoki yotoqxona garnituri xarid qilayotganda ko‘pchilik rang, dizayn va narxga qaraydi. Ammo eng muhim hujjat — shartnomani o‘qishga kelganda “hammasi joyida” deb imzo qo‘yib yuboradi. Keyin esa mebel va’da qilingan vaqtda kelmasa, rangi boshqacha bo‘lsa yoki o‘lchami mos tushmasa, “shartnomada bunday yozilmagan ekan” degan gaplar boshlanadi.
Mebel oddiy xarid emas. Ayniqsa buyurtma asosida tayyorlanadigan mebelda xaridor pulning bir qismini yoki hatto hammasini oldindan to‘lashi mumkin. Shuning uchun shartnoma — shunchaki qog‘oz emas, xaridorning asosiy himoyalaridan biri.
O‘zbekiston qonunchiligida shartnoma tovarni olish-sotish, ish bajarish yoki xizmat ko‘rsatishda tomonlarning sifat, miqdor, muddat, narx va boshqa shartlar bo‘yicha kelishuvi sifatida belgilangan. Oldindan buyurtma qilinadigan va keyin bajariladigan shartnomalar esa yozma shaklda tuzilishi kerak.
Shartnomaga imzo qo‘yishdan oldin 7 narsani tekshiring
1. Mebelning aynan qanday bo‘lishi yozilganmi?
“Zamonaviy oshxona mebeli” yoki “katta shkaf” degan umumiy yozuv keyinchalik muammo tug‘dirishi mumkin.
Shartnomada imkon qadar aniq ko‘rsatilishi kerak:
-
mebelning nomi;
-
modeli yoki namunasi;
-
o‘lchami;
-
rangi;
-
materiali;
-
furniturasi;
-
komplektatsiyasi;
-
soni;
-
boshqa muhim xususiyatlari.
Masalan, siz oq rangdagi shkaf buyurtma qildingiz. Shartnomada esa shunchaki “shkaf” deb yozilgan.
Keyin kulrang shkaf olib kelinsa, “men oq rangga buyurtma bergandim” degan talabingizni isbotlash qiyinlashishi mumkin.
Shuning uchun og‘zaki kelishuvni shartnomaga kiritish muhim.
“Usta biladi”, “sotuvchi eslab qoladi”, “Telegramda yozishganmiz” degan gaplarga suyanib qolmang.
2. Narxni aniq yozdiring
Mebel xaridida eng ko‘p uchraydigan masalalardan biri — yakuniy narxning o‘zgarib ketishi.
Masalan, sotuvchi:
“Oshxona mebeli 20 million so‘m bo‘ladi”, deydi.
Siz rozi bo‘lasiz.
Ammo keyinchalik:
— yetkazib berish alohida;
— o‘rnatish alohida;
— rakovina uchun kesish alohida;
— furnitura qimmatroq;
— qo‘shimcha detal kerak;
degan xarajatlar chiqishi mumkin.
Shuning uchun shartnomada jami qancha pul to‘lanishi va bu summaga nimalar kirishi aniq ko‘rsatilganiga qarang.
Agar narx o‘zgarishi mumkin bo‘lsa, qaysi holatda va qanday tartibda o‘zgarishi ham yozilgan bo‘lishi kerak.
Qonunga ko‘ra, iste’molchi va sotuvchi o‘rtasidagi kelishuvda tovarning narxi va boshqa muhim shartlari aniqlanishi mumkin.
Shuning uchun “narxni keyin hisoblaymiz” degan gap bilan katta miqdorda oldindan pul berishga shoshilmang.
3. Tayyor bo‘lish va yetkazib berish muddatini yozdiring
Mebel buyurtma qildingiz.
Sotuvchi:
“Bir haftada tayyor bo‘ladi”, dedi.
Oradan bir hafta o‘tdi — yo‘q.
Yana bir hafta o‘tdi — yana yo‘q.
Siz qo‘ng‘iroq qilsangiz:
“Usta kasal bo‘lib qoldi”, “material kechikdi”, “ertaga bo‘ladi” degan javoblar.
Mana shunday vaziyatda shartnomadagi muddat juda muhim.
Shartnomada:
“Mebel falon sanagacha tayyorlanadi va falon muddatda yetkazib beriladi”
kabi aniq muddat bo‘lgani ma’qul.
“10 kun ichida”, “tez orada”, “oy oxirigacha” kabi noaniq iboralar o‘rniga imkon qadar aniq sana ko‘rsatilgani yaxshi.
Chunki ijrochi ishni shartnomada belgilangan muddat, hajm va sifatda bajarishi kerak.
4. Yetkazib berish va o‘rnatish kimning zimmasida?
Mebelni tayyorlash boshqa, uni uyga olib kelish boshqa, o‘rnatish esa yana boshqa masala.
Shartnomada quyidagilarni aniqlashtiring:
— yetkazib berish narxga kiradimi?
— qaysi manzilga yetkaziladi?
— qavatga ko‘tarib beriladimi?
— lift ishlamasa, qo‘shimcha haq olinadimi?
— yig‘ib berish va o‘rnatish kim tomonidan amalga oshiriladi?
— o‘rnatish uchun alohida pul to‘lanadimi?
Masalan, siz mebel uchun 15 million so‘m to‘ladingiz.
Uyga kelgach:
“Yukni ko‘tarish uchun yana 500 ming so‘m”,
“Yig‘ib berish uchun yana 1 million so‘m”
degan gap chiqsa, xaridorning tabiiy savoli tug‘iladi: “Bular oldindan aytilmagan-ku?”
Bunday bahslarning oldini olishning eng oddiy yo‘li — hammasini shartnomaga yozdirish.
5. Avans berganda albatta hujjat oling
Mebelning o‘ziga qaraganda uning puli ko‘pincha kattaroq masala bo‘ladi.
Ayniqsa buyurtma asosida tayyorlanadigan mebelda sotuvchi:
“50 foiz avans tashlab qo‘ying”
deyishi mumkin.
Pulni berdingiz.
Ammo qo‘lingizda nima bor?
Agar shartnoma, chek yoki to‘lovni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa, keyinchalik pul berganingizni isbotlash qiyinlashishi mumkin.
Shuning uchun:
-
shartnoma nusxasini oling;
-
chekni saqlang;
-
bank orqali to‘lagan bo‘lsangiz, to‘lov tasdig‘ini saqlang;
-
buyurtma spetsifikatsiyasi bo‘lsa, uni ham oling;
-
yozishmalarni o‘chirib yubormang.
Qonunda oldi-sotdi amalga oshirilganda iste’molchiga kassa yoki tovar cheki berilishi kerakligi belgilangan.
“Pulni oldim, xavotir olmang” degan og‘zaki gap hujjatning o‘rnini bosa olmaydi.
6. Mebelning materiali va sifati ham qog‘ozda bo‘lsin
“Yaxshi material”, “premium”, “sifatli MDF”, “nemis furniturasi” kabi reklama gaplari quloqqa chiroyli eshitiladi.
Ammo shartnomada aynan nima yozilgan?
Masalan, siz qimmat materialdan tayyorlangan mebel deb o‘ylagansiz, shartnomada esa material turi umuman ko‘rsatilmagan.
Keyinchalik:
“Bu materialning o‘zi shunaqa”,
degan javobni eshitishingiz mumkin.
Shuning uchun mebelning asosiy materiali, rangi, furniturasi va boshqa muhim xususiyatlari imkon qadar hujjatda aks ettirilsin.
Qonun bo‘yicha sotuvchi iste’molchiga tovar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.
Agar tovar haqida noto‘g‘ri yoki yetarli bo‘lmagan ma’lumot berilishi xaridorning undan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmasligiga sabab bo‘lsa, qonunda iste’molchining tegishli talablarni qo‘yish huquqi nazarda tutilgan.
7. “Shartnoma”dagi mayda yozuvlarni ham o‘qing
Ko‘pchilik aynan shu joyda xato qiladi.
Sotuvchi shartnomani uzatadi:
“Mana, imzo qo‘ying.”
Xaridor esa oxirgi betga imzo qo‘yadi.
Ammo shartnomaning ichida:
-
yetkazib berish muddati;
-
pulni qaytarish tartibi;
-
buyurtmani bekor qilish shartlari;
-
qo‘shimcha to‘lovlar;
-
o‘rnatish xarajatlari;
-
kafolat;
-
javobgarlik;
-
jarima yoki penya;
-
mebelning texnik tavsifi
kabi muhim bandlar bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun tushunmagan bandingiz bo‘lsa, sotuvchidan izoh so‘rang.
“Keyin o‘qiyman” deb imzo qo‘yib yubormang.
“Pul qaytarilmaydi” degan band bo‘lsa-chi?
Shartnomada:
“Avans qaytarilmaydi”
yoki
“Tovar qaytarib olinmaydi”
degan band uchrashi mumkin.
Bunday bandni ko‘rganingizda shartnomani darrov imzolashdan oldin uning qonunchilikka mosligini aniqlab oling.
Iste’molchi huquqlarini qonunda belgilanganidan ortiqcha cheklab qo‘yadigan shartlar masalasi alohida tartibga solingan. Qonunning 21-moddasi iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlarni haqiqiy emas deb hisoblashni nazarda tutadi.
Ya’ni shartnomaga istalgan gapni yozib qo‘yish bilan sotuvchi qonunda belgilangan iste’molchi huquqlarini avtomatik ravishda bekor qila olmaydi.
Mebel tayyor bo‘ldi. Pulni to‘lashdan oldin nima qilish kerak?
Mebel uyingizga olib kelindi.
Shoshilmang.
Avval tekshiring:
1. O‘lchami — buyurtma berganingiz bilan bir xilmi?
2. Rangi — aynan tanlagan rangingizmi?
3. Materiali — kelishilgan materialmi?
4. Komplektatsiyasi — barcha qismlari bormi?
5. Tashqi ko‘rinishi — tirnalgan, singan, yorilgan joylari yo‘qmi?
6. Eshik va tortmalar — normal ochilib-yopiladimi?
7. O‘rnatilishi — qiyshaymaganmi, devorga to‘g‘ri mahkamlanganmi?
Agar kamchilik bo‘lsa, “keyin kelib tuzatib beramiz” degan og‘zaki va’daga shunchaki ishonib ketmang.
Kamchilikni dalolatnoma yoki boshqa yozma hujjatda qayd ettirish ma’qul.
Mebel nuqsonli chiqsa nima qilish mumkin?
Agar sotilgan tovarning nuqsoni shartnoma tuzish vaqtida xaridorga aytilmagan bo‘lsa, qonunda iste’molchiga bir qator huquqlar berilgan.
Holatga qarab, xaridor:
-
ayni shunday sifatli tovarga almashtirishni;
-
boshqa modelga almashtirishni va narxni qayta hisoblashni;
-
nuqsonni bepul bartaraf etishni;
-
xarid narxini nuqsonga mutanosib kamaytirishni;
-
shartnomani bekor qilishni va tegishli zararni qoplashni
talab qilishi mumkin.
Shuning uchun mebelda nuqson chiqsa, “endi pulni berdim, tamom” deb qo‘l siltash shart emas.
Avvalo shartnoma, chek, buyurtma hujjatlari va nuqsonni tasdiqlovchi dalillarni yig‘ing.
Mebel xaridida “5 daqiqalik tekshiruv”
Shartnomaga imzo qo‘yishdan oldin o‘zingizga quyidagi besh savolni bering:
1. Nima olyapman?
Modeli, materiali, rangi, o‘lchami aniq yozilganmi?
2. Qancha pul to‘layman?
Yakuniy narx va qo‘shimcha xarajatlar ko‘rsatilganmi?
3. Qachon olaman?
Tayyorlash va yetkazib berish muddati aniqmi?
4. Muammo chiqsa nima bo‘ladi?
Kafolat, ta’mirlash, almashtirish va murojaat qilish tartibi yozilganmi?
5. Qo‘limda qanday hujjat qoladi?
Shartnoma nusxasi, chek va to‘lovni tasdiqlovchi hujjatlar bormi?
Agar shu savollarga javob topilsa, xarid ancha xavfsiz bo‘ladi.
Xulosa
Mebel xaridida stulga o‘tirib ko‘rishdan oldin shartnomaga o‘tirib qarash kerak.
Chunki chiroyli mebelni ko‘rib, ko‘ngil tezda ketadi. Sotuvchi esa yaxshi gap bilan xaridorni ishontirishi mumkin. Ammo muammo chiqqanida og‘zaki va’da emas, hujjatdagi shartlar ko‘proq ahamiyat kasb etadi.
Shuning uchun mebel olayotganda:
narxni yozdiring, o‘lchamni yozdiring, materialni yozdiring, rangni yozdiring, muddatni yozdiring, yetkazib berish va o‘rnatish shartlarini yozdiring.
Va eng muhimi — shartnomani o‘qimasdan imzo qo‘ymang.
Bir necha daqiqalik sinchkovlik keyinchalik oylar davom etadigan tortishuvning oldini olishi mumkin.
Mebel uyga bezak bo‘lishi kerak, muammoga emas.
























