Выберите язык

Ba'zida bir necha daqiqa davom etgan ishonch butun oilaning moliyaviy osoyishtaligini izdan chiqarishi mumkin. Quyidagi voqea ham ana shunday holatlardan biri. U Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi iste'molchining boshidan kechirgan voqea bo‘lib, boshqalar uchun ham muhim saboq bo‘lishi mumkin.

Hammasi oddiy taklifdan boshlangan...

Iste'molchining so‘zlariga ko‘ra, ish joyiga o‘zini maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya vakillari sifatida tanishtirgan shaxslar keladi. Ular xodimlarga turli aksiyalar va qulay to‘lov shartlarini taklif qilib, mahsulotlar haqida ma'lumot berishadi.

Suhbat davomida «yutuqli aksiya» tashkil etilgani aytiladi. Qatnashchilardan biri sifatida u ham bilet tanlaydi va go‘yoki qimmatbaho maishiy texnika yutgani ma'lum qilinadi. Shu tariqa uning ishonchi yanada ortadi.

Bir necha daqiqada rasmiylashtirilgan qarz

Keyinchalik turli rasmiylashtirish ishlarini bajarish bahonasida undan mobil telefoni so‘raladi. Face-ID orqali tasdiqlash amallari bajariladi, telefonga kelgan kodlar kiritiladi.

Oradan ko‘p o‘tmay ma'lum bo‘ladiki, uning nomiga onlayn tarzda kreditlar rasmiylashtirilgan. Eng achinarlisi, u olib foyda qildim deb o‘ylagan texnika haqiqiy bozor narxidan ancha yuqori summaga rasmiylashtirilgan bo‘lib chiqqan. Natijada iste'molchining zimmasiga bir necha million so‘mlik qarz yuklangan.

Muammo qanday hal etildi?

Jabrlanuvchi O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Marg‘ilon shahar jamiyatiga murojaat qildi.

Mutaxassislar dastlab nizoni muzokaralar orqali hal qilishga harakat qilishdi. Biroq bu samara bermaganidan keyin ish sudga kiritildi. Sud muhokamasi boshlanishi arafasida ikkinchi tomon nizoni iste'molchilar foydasiga hal qilishga rozilik bildirib, yetkazilgan zarar bartaraf etildi.

Bunday holatlarga tushmaslik uchun nimalarga e'tibor berish kerak?

Mutaxassislar quyidagi ehtiyot choralariga amal qilishni tavsiya etadi:

- telefonni begona shaxslarga bermang;
- Face-ID yoki barmoq izi orqali tasdiqlash amallarini boshqalarning talabiga ko‘ra bajarmang;
- SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini hech kimga aytmang;
shartnoma va kredit hujjatlarini o‘qimasdan hech qanday tasdiq bermang;
- «bepul sovg‘a», «kafolatli yutuq» yoki «faqat bugungi aksiya» kabi takliflarga tanqidiy yondashing.

Eng katta himoya — ogohlik

Bugun raqamli texnologiyalar hayotimizni yengillashtirmoqda. Biroq ulardan ehtiyotsiz foydalanish moliyaviy firibgarlik qurboniga aylanish xavfini ham oshiradi.

Shuning uchun har qanday taklifga rozilik berishdan oldin uning huquqiy oqibatlarini o‘ylab ko‘rish, shaxsiy ma'lumotlar va elektron tasdiqlash vositalarini hech kimga ishonib topshirmaslik muhimdir.

Ushbu voqea Marg‘ilon shahrilik bir iste'molchining shaxsiy tajribasiga asoslangan. Agar siz ham shunga o‘xshash holatga duch kelsangiz, vaqtni boy bermasdan O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilishingiz mumkin. Erta murojaat qilinsa, huquqlarni tiklash imkoniyati ham yuqori bo‘ladi.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening