SIFATSIZ AVTOMOBIL MOTORI UCHUN TO‘LANGAN 5,5 MILLION SO‘M ISTE’MOLCHIGA QAYTARILDI
Namangan viloyatida yana bir iste’molchining qonuniy huquqlari himoya qilinib, murojaati ijobiy hal etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro 2026-yil iyul oyi oxirlarida Namangan shahridagi «Lola Jahon» bozorida joylashgan 56-sonli do‘kondan «Damas» rusumli avtomashinasi uchun 5 million 300 ming so‘mga motor xarid qilgan.
Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay, o‘rnatilgan motordan moy sizib chiqa boshlagan. Iste’molchi ushbu holat yuzasidan ustaga, so‘ngra sotuvchiga murojaat qilgan. Ammo sotuvchi mahsulot sifatsizligini tan olmagan va to‘langan mablag‘ni qaytarishdan bosh tortgan.
Shundan so‘ng fuqaro 2026-yil 2-oktabr kuni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining Ishonch telefoniga murojaat qilib, amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat Namangan shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganilib, sotuvchi — yakka tartibdagi tadbirkor bilan tegishli tushuntirish ishlari olib borildi.
Natijada, 2026-yil 8-oktabr kuni tadbirkor Pop tumaniga, iste’molchining avtomashinasi turgan joyga borib, o‘rnatilgan motorni qayta yechib olgan. Iste’molchiga motor uchun to‘langan 5 million so‘m, avtol va antifriz xarajatlari uchun 200 ming so‘m hamda qo‘shimcha 300 ming so‘m — jami 5 million 500 ming so‘m naqd pul qaytarildi.
Shu tariqa, iste’molchining murojaati uning foydasiga hal etildi. Fuqaro ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirib, yozma ravishda tashakkur izhor etdi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Motor sotib olib, muammoga duch kelgan iste`molchi
- Информация о материале
- Автор: Namangan viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 21
























