Denov tumanida iste’molchi murojaati o‘rganilib, yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo rastasidan olib tashlandi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlash, savdo nuqtalarida sifatsiz hamda yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlar sotilishining oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Denov tumani S.Raximov mahallasi Shahrinav ko‘chasi 17-uyda yashovchi fuqaro B. Goibov tomonidan Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilingan.
Fuqaroning murojaatida do‘konlarda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatiga oid holatlarni o‘rganish so‘ralgan.
Mazkur murojaat fuqaroning ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida do‘konlarda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari orasida ishlab chiqarish sanasi va yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlar borligi aniqlandi.
Aniqlangan holat yuzasidan do‘kon sotuvchisiga qonun talablari tushuntirilib, muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo rastasidan fuqaroning o‘z ishtirokida olib tashlangani ma’lum qilindi.
Bu kabi murojaatlarning o‘rganilishi iste’molchilar uchun xavfsiz va sifatli mahsulotlar savdosini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Zero, yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarining sotuvda bo‘lishi iste’molchilarning qonuniy manfaatlariga zid bo‘lishi bilan birga, ularning salomatligiga ham xavf tug‘dirishi mumkin.
Shu bois fuqarolar xarid vaqtida mahsulotning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati va qadoqlanish holatiga e’tibor qaratishlari, shubhali yoki sifatsiz mahsulotlarga duch kelgan taqdirda tegishli tashkilotlarga murojaat qilishlari muhim.
Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida!
























