Bugungi kunda aholiga qulaylik yaratish maqsadida maishiy texnika va elektron qurilmalarni muddatli to‘lov asosida xarid qilish imkoniyatlari kengaymoqda. Biroq bunday shartnomalar nafaqat huquqlar, balki muayyan majburiyatlarni ham yuklaydi.
Yaqinda O‘zbekisto iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga Dang‘ara tumanida yashovchi fuqaro J.E.ning murojaati kelib tushdi. Murojaatda muddatli to‘lov asosida xarid qilingan mobil telefon bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlik va uning oqibatlari haqida so‘z borgan.
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, fuqaro mobil telefonni muddatli to‘lov sharti bilan sotib olgan va shartnoma bo‘yicha har oy belgilangan to‘lovlarni amalga oshirib borishi lozim bo‘lgan. Ammo to‘lovlar o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilmagani sababli qarzdorlik shakllangan. Natijada kredit tashkiloti tomonidan qarzni undirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan.
Shu o‘rinda bir muhim jihatga e'tibor qaratish lozim. O‘zbekiston Respublikasining «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq, iste'molchi tovarni kreditga yoki muddatli to‘lov sharti bilan xarid qilganda shartnomada belgilangan pul mablag‘ini belgilangan tartib va muddatlarda to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Ya'ni iste'molchi o‘z huquqlaridan foydalanishi bilan bir qatorda, shartnoma shartlariga rioya qilishi ham shart.
Ko‘p hollarda fuqarolar muddatli to‘lov shartnomasini imzolash vaqtida uning barcha shartlarini diqqat bilan o‘qib chiqmaydi yoki kechiktirilgan to‘lov uchun qanday oqibatlar kelib chiqishini yetarlicha anglamaydi. Vaholanki, har bir shartnoma bo‘yicha to‘lovlarning kechikishi penya, foizlar hisoblanishiga, ayrim hollarda esa sud jarayonlari boshlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mazkur murojaat bo‘yicha Federatsiyaning Dang‘ara tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan holat atroflicha o‘rganilib, tegishli tashkilotlar bilan muloqotlar o‘tkazildi. O‘rganish natijasida fuqaroga nisbatan qo‘yilgan cheklov qayta ko‘rib chiqildi va bekor qilindi.
Bu holat iste'molchilar uchun muhim saboq bo‘la oladi. Tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida xarid qilishdan avval shartnoma shartlarini sinchiklab o‘rganish, o‘z moliyaviy imkoniyatlarini hisobga olish va belgilangan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish zarur. Agar tushunmovchilik yoki bahsli holat yuzaga kelsa, muammoni ertaroq hal etish maqsadida sotuvchi, kredit tashkiloti yoki iste'molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Iste'molchining huquqlari qonun bilan himoya qilingan. Biroq huquqlar bilan bir qatorda shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarish ham har bir iste'molchining muhim vazifasi hisoblanadi.
























