Sariosiyo tumanida yashovchi fuqaroning maishiy gaz balloni bilan bog‘liq murojaati o‘rganilib, masala ijobiy hal etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro J.M. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga murojaat qilib, xonadonidagi suyultirilgan gaz ballonlari o‘z vaqtida almashtirib berilmayotganidan noroziligini bildirgan.
Ushbu murojaat belgilangan tartibda Sariosiyo tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yuborildi hamda tuman jamiyati tomonidan holat atroflicha o‘rganildi. O‘rganish jarayonida fuqaroning murojaatida ko‘rsatilgan vajlar, xonadonning gaz ta’minoti bilan bog‘liq holati hamda mas’ul tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar holati ko‘rib chiqildi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida Sariosiyo tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari, tuman gaz bo‘limi mas’ullari hamda fuqaro ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada fuqaroning xonadoniga bir dona maishiy gaz balloni yetkazib berilganligi ma’lum qilindi.
Shu tariqa iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, uning maishiy ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.
Mazkur holat aholining kommunal xizmatlardan foydalanish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarini o‘z vaqtida o‘rganish, murojaatlarga mas’uliyat bilan yondashish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Iste’molchi har qanday xizmatdan, jumladan, gaz ta’minoti xizmatidan foydalanishda sifatli, o‘z vaqtida va belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatilishini talab qilish huquqiga ega. Agar xizmat ko‘rsatishda uzilishlar, kechikishlar yoki boshqa noqulayliklar yuzaga kelsa, fuqaro tegishli tashkilotlarga yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilishi mumkin.
Sariosiyo tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, aholining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda mavjud muammolarni bartaraf etish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























