Denov tumanida iste’molchi tomonidan xarid qilingan maishiy texnika mahsuloti bilan bog‘liq murojaat o‘rganilib, fuqaroning qonuniy huquqlarini tiklash yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Denov shahrida yashovchi fuqaro G.M. tumanda joylashgan savdo do‘konlaridan biridan 160 000 so‘m qiymatidagi shamollatgich xarid qilgan. Biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida unda nosozlik mavjudligi aniqlangan. Xarid qilingan shamollatgichning talab darajasida ishlamasligi iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Fuqaro ushbu holat yuzasidan dastlab savdo do‘koni mas’ullariga murojaat qilgan. Ammo masala joyida o‘z yechimini topmagach, u amaliy yordam so‘rab Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaat belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida iste’molchining vajlari, xarid qilingan mahsulot holati hamda savdo do‘koni mas’ullarining munosabati atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jamiyat xodimlari tomonidan tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari, iste’molchining sifatli mahsulot xarid qilish huquqi hamda nuqsonli mahsulot aniqlanganda sotuvchi tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan majburiyatlar tushuntirildi.
Olib borilgan tushuntirish va amaliy choralar natijasida fuqaro G.M.ning murojaati ijobiy hal etildi. Iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirilib, uning buzilgan huquqi tiklandi.
Mazkur holat har bir iste’molchi xarid jarayonida mahsulot sifati, kafolat muddati, to‘lov cheki va foydalanish holatiga alohida e’tibor qaratishi zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi. Agar xarid qilingan mahsulotda nuqson aniqlansa, iste’molchi belgilangan tartibda mahsulotni almashtirish, bepul ta’mirlash yoki to‘langan mablag‘ni qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























