Inson qadri, qonuniy manfaat va jamoatchilik ishtiroki — iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimidagi islohotlarning bosh mezoniga aylanmoqda.
Mustaqillik xalqimizning siyosiy va iqtisodiy taraqqiyoti bilan bir qatorda inson huquq va manfaatlarini ta'minlash, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish uchun ham mustahkam zamin yaratdi.
So‘nggi yillarda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha sezilarli chora-tadbirlar ko‘rildi.
NNTlar faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur institusional baza yaratildi. Ayni vaqtda 20 ga yaqin qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Hukumat qarorlari soha rivojiga xizmat qilmoqda.
So‘nggi o‘n yillikda bu jarayon iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi. Iste'molchi manfaatini ta'minlash davlat idoralarining vazifasi bilangina cheklanmay, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining ham bevosita ishtirokini talab qiladigan umumjamiyat vazifasiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 22 oktyabrdagi «Raqobatni ta'minlashga ko‘maklashish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 667-son qarori sohadagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini mustahkamladi.
Federatsiya tizimida bugungi kunda 14 ta hududiy birlashma, 208 ta tuman (shahar) jamiyatlari faoliyat ko‘rsatmoqda, xodimlarning umumiy soni 1216 nafarni tashkil etadi.
Tashkilot, korxona, muassasa va o‘quv yurtlarida Federatsiyaning 1354 ta tayanch guruhi tashkil etilgan bo‘lib, a'zolar soni 4 096 500 nafarni tashkil etadi.
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari
Sohadagi eng muhim huquqiy asos — O‘zbekiston Respublikasining «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunidir. Mazkur Qonun iste'molchining tovar va xizmat haqida to‘liq hamda ishonchli ma'lumot olish, sifatli va xavfsiz mahsulotdan foydalanish, yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning qoplanishini talab qilish, buzilgan huquqlarini sud va boshqa qonuniy vositalar orqali himoya qilish kabi asosiy huquqlarini kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonuni jamoatchilik nazorati sub'ektlari va shakllarini belgilab, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan qonuniy jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini berdi. «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi Qonun esa davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy mexanizmlarini mustahkamladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 6 oktyabrdagi «Iste'molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-296-son qarori iste'molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish va huquqlarni himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 22 oktyabrdagi «Raqobatni ta'minlashga ko‘maklashish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 667-son qarori sohadagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamladi.
Federatsiya faoliyatining asosiy amaliy natijalari
O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tuzilmalari faoliyatida murojaatlarni ko‘rib chiqish, huquqiy maslahat berish, iste'molchi manfaatini tashkilotlar va sudlarda himoya qilish, jamoatchilik monitoringi va targ‘ibot ishlari ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lib kelmoqda.
Federatsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Prezidentga murojaat portali» hamda Bosh prokuraturaning «ishonch telefoni»ga kelib tushgan murojaatlarni qayd qiluvchi portal bilan uzviy hamkorlikda ish olib bormoqda.
Federatsiya tizimida «1091» qisqa raqamli «ishonch telefoni», murojaatlarni qabul qilib olish uchun istemol.uz saytidagi virtual qabulxona - murojaat.istemol.uz sahifasi va PotrebitelUz_bot Telegram boti tashkil etilgan.
So‘nggi yillarda Federatsiya tizimi tomonidan 134 814 ta murojaat qabul qilinib, belgilangan tartibda o‘rganilgan va ularni hal etish jarayonida iste'molchilar foydasiga 367,4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib, undirib berilgan.
Iste'molchilar manfaatini sud orqali himoya qilish maqsadida 1 740 ta da'vo arizasi sud organlariga kiritilib, sudlar orqali qariyb 64,5 mlrd so‘m moddiy va ma'naviy zarar iste'molchilar foydasiga undirilgan.
Iste'molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish va huquqiy manfaatlarni ta'minlash
Murojaatlar savdo, tabiiy gaz va elektr energiyasi ta'minoti, ichimlik suvi, kommunal xizmatlar, aloqa va internet, transport, sog‘liqni saqlash, servis va boshqa sohalarni qamrab olgan. Har bir murojaatning ortida muayyan inson, uning oila byudjeti, kundalik turmushi va qonuniy manfaati turgani bois, Federatsiya tizimida murojaatlarni tezkor va natijador ko‘rib chiqishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
1091 qisqa raqamli ishonch telefoni, virtual qabulxona, elektron murojaat kanallari va zamonaviy axborot vositalari aholi bilan doimiy muloqotni ta'minlab, iste'molchilarga o‘z muammosini tez va qulay yetkazish imkonini berdi. Bu mexanizmlar jamoatchilik nazorati uchun ham muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Iste'molchilar huquqlarini sud tartibida himoya qilish
Iste'molchi huquqi ixtiyoriy tartibda tiklanmagan holatlarda Federatsiya tizimi sud himoyasi mexanizmlaridan foydalanadi. Umumlashtirilgan ko‘rsatkichlar iste'molchilar manfaatini ko‘zlab sudlarga minglab da'vo arizalari kiritilganini va natijada o‘nlab milliard so‘mlik moddiy hamda ma'naviy zararlar iste'molchilar foydasiga undirilganini ko‘rsatadi. Bu Federatsiyaning oddiy maslahat beruvchi tuzilma emas, balki huquqni amalda tiklashga ko‘maklashuvchi fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi o‘rnini namoyon etadi.
Jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik mexanizmlari
Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari tomonidan iste'molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar muntazam tahlil qilinib, muammoli sohalar aniqlanadi, tovar va xizmatlar sifati, iste'molchiga taqdim etilayotgan axborotning to‘liqligi, hisob-kitoblar va shartnomalarda qonun talablariga rioya etilishi kabi masalalar jamoatchilik e'tiboriga olinadi. O‘rganish va monitoring natijalari asosida tegishli tashkilotlarga taklif va tavsiyalar kiritib boriladi.
Davlat idoralari, mahalliy hokimliklar, sud organlari, ta'lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik ijtimoiy sheriklikning amaliy ifodasiga aylangan. Seminarlar, davra suhbatlari, sayyor qabullar, televidenie va radio chiqishlari, bosma va elektron nashrlardagi materiallar orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish, iste'molchi sifatida o‘z huquqlarini bilish va ularni qonuniy himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilinmoqda.
Federatsiyaning ijtimoiy loyihalari va amaliy tashabbuslari
Federatsiya faoliyati faqat murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan cheklanmaydi. «Orolbo‘yini obod etaylik» loyihasi doirasida ekologik vaziyatni yaxshilash, hududda mehnat qilayotgan fuqarolarga qulay sharoit yaratish va saksovulzorlarni kengaytirish ishlariga hissa qo‘shilib, loyihaga 100 million so‘m mablag‘ sarflangan.
«Obod xonadon — yurt ko‘rki» loyihasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir sharoitda istiqomat qilayotgan oilalarning xonadonlarini ta'mirlash va obodonlashtirish ishlariga Federatsiya va homiylar mablag‘lari hisobidan 338 mln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.
Shuningdek, aholining huquqiy savodxonligi va iste'mol madaniyatini oshirish, murojaatlarni joyida qabul qilish hamda huquqiy-ma'rifiy resurslardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida «Iste'molchilar uyi» va «Iste'molchi kutubxonasi» loyihalari amalga oshirildi.
Ushbu tashabbuslar doirasida 31 ta tuman va shaharda majmualar qurildi. Jumladan, Farg‘ona viloyatida — Oltiariq, Rishton, Bag‘dod, Farg‘ona, Dang‘ara, Qo‘shtepa va Yozyovon tumanlari, Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida; Navoiy viloyatida — Qiziltepa, Konimex, Navbahor va Tomdi tumanlari hamda Zarafshon shahrida; Buxoro viloyatida — Olot, Qorako‘l va Buxoro tumanlarida; Qashqadaryo viloyatida — Koson, Kasbi va Dehqonobod tumanlarida; Surxondaryo viloyatida — Sariosiyo, Uzun, Boysun, Oltinsoy va Angor tumanlari hamda Sharg‘un shahrida; Namangan viloyatida — To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlarida; Andijon viloyatida — Izboskan, Asaka va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida «Iste'molchilar uyi» va «Iste'molchi kutubxonasi» majmualari barpo etilgan. Mazkur majmualar aholiga huquqiy maslahat berish, murojaatlarni qabul qilish, kitobxonlik va iste'mol madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Xalqaro e'tirof — milliy tajribaga berilgan baho
Federatsiya faoliyatining muhim natijalaridan biri — uning xalqaro maydonda institusional darajada e'tirof etilganidir. O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Consumers International — Xalqaro iste'molchilar tashkilotiga to‘laqonli a'zo sifatida qabul qilinishi milliy jamoat tashkilotining iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatiga berilgan aniq xalqaro e'tirofdir.
Consumers International dunyoning turli qit'alaridagi iste'molchilar tashkilotlarini birlashtirgan global tarmoq bo‘lib, Federatsiyaning ushbu tuzilmada to‘laqonli a'zo sifatida ishtirok etishi xalqaro tajribani o‘rganish, milliy amaliyotni jahon standartlari bilan uyg‘unlashtirish, iste'molchilar huquqlarini transchegaraviy munosabatlarda ham himoya qilish borasida yangi imkoniyatlarni ochdi.
Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonning turdosh tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolanib, boshqa qator davlatlarning tegishli tashkilotlari bilan ham manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Bu hamkorlik doirasida tajriba almashish, turistlar va fuqarolarning iste'molchilik huquqlarini himoya qilish, huquqiy axborot almashinuvi va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhim o‘rin tutmoqda.
Federatsiya tashabbusi bilan Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) a'zo-ishtirokchi davlatlarida iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlarning Maslahat yig‘ilishi yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda xorijiy tashkilotlar vakillari ishtirokida iste'molchilar huquqlarini xalqaro miqyosda himoya qilish, transchegaraviy murojaatlar, turizm va elektron tijorat sohasidagi masalalar, shuningdek, tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xalqaro forumlar — muloqot va tajriba maydoni
Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari iste'molchilari forumi xalqaro jamoat tashkilotlari va soha mutaxassislari uchun yirik muloqot maydoni bo‘ldi. Forumda o‘ttizdan ortiq xorijiy mamlakat va xalqaro tashkilotlar vakillari, shu jumladan Consumers International rahbariyati ishtirok etdi. Forum yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlatlar va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi.
Xiva va Urganch shaharlarida tashkil etilgan «Sayyoh» xalqaro forumida esa turizm sohasida iste'molchilar huquqlarini himoya qilish, xorijiy sayyohlar manfaatlarini ta'minlash, elektron tijoratda yuzaga kelayotgan murojaatlarni hal etish, xorijda ta'lim olayotgan fuqarolarning iste'molchilik huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va ilg‘or xalqaro tajribani milliy amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Forum yakunida Xiva deklaratsiyasining qabul qilinishi xalqaro hamkorlikning yana bir muhim natijasi bo‘ldi.
Iste'molchilar manfaatlarini ta'minlash — islohotlarning ustuvor yo‘nalishi
Mustaqillikning so‘nggi o‘n yilligida iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi mazmun va shakl jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Qonunchilik kafolatlari mustahkamlandi, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklikning amaliy mexanizmlari kengaydi, murojaatlarni qabul qilish va hal etishning zamonaviy usullari shakllandi, sud orqali huquqni tiklash amaliyoti samarali vositaga aylandi.
Eng muhimi, iste'molchi bugun o‘z huquqini himoya qilishda yolg‘iz emas. Uning qonuniy manfaati ortida qonun, davlat va jamoatchilik institutlarining o‘zaro hamkorligiga tayangan tizim mavjud. Federatsiyaning ko‘p minglab murojaatlarni hal etish, yuzlab milliard so‘mlik mablag‘larni iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilish, sudlarda ularning manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy tashabbuslar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati ana shu tizimning amaliy samarasini ko‘rsatmoqda.
Mustaqillik bergan imkoniyatlar zamirida shakllangan ushbu tajriba inson qadrini ulug‘lash, aholining huquqiy himoyalanganlik darajasini oshirish va jamiyatda yuksak iste'mol madaniyatini qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
ЎзА
























