Bugungi kunda elimizda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, ayniqsa, jamiyatimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga iloji boricha gʻamxoʻrlik koʻrsatish va ularning mablagʻlarini qonunsiz xarajatlardan asrash bosh vazifalardan biri boʻlib hisoblanadi. Shuning uchun, isteʼmolchi va sotuvchi oʻrtasidagi munosabatlar har doim qonun doirasida boʻlishi shart.
Yaqinda, I-guruh nogironligi boʻlgan fuqaro Xadjieva Muxabbat tomonidan adolatsizlik va qonun buzilishi holati boʻyicha murojaat kelib tushdi.
Fuqaro M. Xadjieva goʻsht doʻkoniga borganida, doʻkonning tashqi tarafidagi narx taxtasida goʻsht narxi 120 000 soʻm deb koʻrsatilganiga guvoh boʻladi. Ushbu narxga ishonib, doʻkonga kirgan isteʼmolchiga qassob goʻshtning har bir kilogrammini 130 000 soʻmdan hisoblab sotgan. Narx taxtasidagi va tarozidagi farqni koʻrgan fuqaro oʻz noroziligini bildirdi.
Isteʼmolchining huquqi — qonun himoyasida:
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, sotuvchi isteʼmolchiga hamisha narx taxtasida koʻrsatilgan narxda mahsulot sotishga majbur. Narx taxtasidagi eʼlon qilingan maʼlumot — bu rasmiy oferta (shartnoma sharti) hisoblanadi.
Murojaat Ellikqalʼa tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan tezlik bilan oʻrganilib chiqilib, qassobning bu harakati qonunga zid ekanligi tushuntirildi va isteʼmolchi Muxabbat Xadjievadan qonunsiz ravishda ortiqcha olingan barcha mablagʻ egasiga toʻliq qaytarib berildi.
Bul holat har bir isteʼmolchi oʻz huquqini bilishi kerakligini koʻrsatadi. Ayniqsa, ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga muhtoj fuqarolarimizni himoya qilish — barcha sotuvchilarning qonun oldidagi majburiyati boʻlib hisoblanadi.
























