Boysun tumanida iste’molchi tomonidan xarid qilingan mobil telefon bilan bog‘liq murojaat o‘rganilib, fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Boysun tumani “Ariq usti” mahallasida yashovchi fuqaro N.L. tumanda joylashgan maishiy savdo do‘konidan Redmi rusumli mobil telefon xarid qilgan. Telefonning qiymati 2 400 000 so‘mni tashkil etgan.
Biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida telefon nosoz ekani ma’lum bo‘lgan. Mazkur holat iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan. Fuqaro dastlab mahsulotni xarid qilgan savdo do‘koni xodimlariga murojaat qilib, nosoz telefonni qaytarib olish yoki sifatli mahsulotga almashtirib berishni so‘ragan.
Ammo masala joyida ijobiy hal etilmagach, iste’molchi Boysun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaat belgilangan tartibda qabul qilinib, jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida iste’molchining vajlari, xarid qilingan telefonning holati, savdo do‘koni xodimlarining munosabati hamda mahsulot sifati bilan bog‘liq holatlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Jamiyat xodimlari tomonidan sotuvchi tomonga amaldagi qonunchilik talablari, iste’molchining sifatli mahsulot xarid qilish huquqi hamda sotuvchining iste’molchi oldidagi majburiyatlari tushuntirildi.
Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida iste’molchining qonuniy talabi inobatga olindi. Fuqaro xarid qilgan nosoz telefonni sifatli mahsulotga almashtirib olish yoki ushbu mahsulot uchun to‘langan mablag‘ni qaytarib olish huquqiga ega ekani bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi. Shundan so‘ng masala iste’molchi manfaatlari asosida ijobiy hal etildi.
Mazkur holat texnik vositalar, xususan, mobil telefon xarid qilishda iste’molchilar mahsulotning texnik holati, kafolat muddati, to‘lov hujjati va sotuvchi tomonidan beriladigan kafolat shartlariga alohida e’tibor qaratishi zarurligini ko‘rsatadi.
Agar xarid qilingan mahsulot nosoz chiqsa, iste’molchi belgilangan tartibda mahsulotni almashtirish, bepul ta’mirlash, narxini kamaytirish yoki to‘langan mablag‘ni qaytarishni talab qilish huquqiga ega. Shu bois har bir xarid jarayonida chek, kafolat taloni va shartnoma hujjatlarini saqlab qo‘yish muhim hisoblanadi.
Boysun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning og‘zaki va yozma murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi nizoli holatlarga qonuniy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























