Raqamli savdo xizmatlari jadal rivojlanib borayotgan bugungi kunda iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, masofadan turib amalga oshiriladigan xaridlarda tovar sifati va iste’molchi manfaatlarini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi.
Qarshi shahri, Navo MFY, Mustaqillik ko‘chasida yashovchi fuqaro S. Umarova Andijon shahri, Navoiy shoh ko‘chasida faoliyat yurituvchi «Miss Dilnura Shop» onlayn do‘konidan erkaklar sport kiyimini masofadan turib xarid qilgan. Biroq buyurtma yetkazib berilgach, mahsulotda nuqson mavjudligi aniqlangan. Shu sababli tovar belgilangan tartibda sotuvchiga qaytarilgan.
Muammo ijobiy hal etilmagani sababli fuqaro O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat Andijon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan amaldagi qonunchilik talablari asosida atroflicha o‘rganildi. «Miss Dilnura Shop» onlayn do‘koni rahbariyati bilan qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, o‘zaro muzokaralar tashkil etildi.
Ko‘rilgan huquqiy va amaliy choralar natijasida nizo iste’molchi foydasiga hal etildi. Fuqaro tomonidan nuqsonli mahsulot uchun amalga oshirilgan to‘lov «Click» to‘lov tizimi orqali uning plastik kartasiga to‘liq qaytarib berildi.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikka muvofiq, iste’molchiga nuqsonli tovar yetkazib berilgan taqdirda, u tovarni qaytarish, almashtirish yoki to‘langan mablag‘ni to‘liq qaytarib olishni talab qilish huquqiga ega. Bunday holatlarda O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilish orqali o‘z huquq va qonuniy manfaatlaringizni samarali himoya qilishingiz mumkin.
























