Angor tumanida iste’molchi tomonidan xarid qilingan mobil telefon bilan bog‘liq murojaat o‘rganilib, fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Angor tumani Guliston mahallasida yashovchi fuqaro I.Ch. Angor tumani tijorat bozori hududida joylashgan savdo do‘konidan Redmi Note 11 rusumli mobil telefon xarid qilgan. Telefon 1 yillik kafolat bilan 2 350 000 so‘m qiymatida sotib olingan.
Biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida telefonda nosozlik yuzaga kelgan. 2026-yil iyun oyiga kelib telefonning quvvatlash tizimida muammo paydo bo‘lib, qurilma ishlamay qolgan. Mazkur holat iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Fuqaro dastlab mahsulotni xarid qilgan savdo do‘koni xodimlariga murojaat qilib, kafolat muddati davomida nosozlik yuzaga kelgan telefonni almashtirib berishni so‘ragan. Ammo do‘kon xodimlari telefonni yangisiga almashtirish o‘rniga uni ta’mirlab berish mumkinligini bildirgan. Ushbu javobdan norozi bo‘lgan iste’molchi amaliy yordam so‘rab Angor tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Murojaat belgilangan tartibda qabul qilinib, jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida iste’molchining vajlari, xarid qilingan telefonning kafolat muddati, unda yuzaga kelgan texnik nosozlik hamda savdo do‘koni mas’ullarining munosabati atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jamiyat xodimlari tomonidan savdo do‘koni vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, amaldagi qonunchilik talablari, iste’molchining sifatli mahsulot xarid qilish huquqi hamda kafolat muddati davomida aniqlangan nuqsonlar bo‘yicha sotuvchining majburiyatlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganish va tushuntirish ishlari natijasida murojaat iste’molchi foydasiga hal etildi. Fuqaro tomonidan xarid qilingan nuqsonli telefon o‘rniga savdo do‘koni tomonidan yangi telefon taqdim etildi.
Shu tariqa, iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirilib, uning buzilgan huquqi tiklandi.
Mazkur holat mobil telefon, maishiy texnika yoki boshqa kafolatli mahsulotlarni xarid qilishda iste’molchilar mahsulot sifati, kafolat muddati, to‘lov hujjati va kafolat taloniga alohida e’tibor qaratishi zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Agar xarid qilingan mahsulotda kafolat muddati davomida nuqson aniqlansa, iste’molchi qonunchilikda belgilangan tartibda mahsulotni ta’mirlash, almashtirish, narxini kamaytirish yoki to‘langan mablag‘ni qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Angor tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yuzaga kelayotgan nizoli holatlarga qonuniy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























