Bugungi kunda imkoniyati cheklangan hamda sog‘lig‘i sababli umumta’lim muassasalariga muntazam qatnash imkoniga ega bo‘lmagan bolalarning sifatli ta’lim olishini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, uyda ta’lim tizimi orqali o‘quvchilarning bilim olishi, jamiyatdan ajralib qolmasligi hamda ularning huquqlari to‘liq ta’minlanishi doimiy e’tibor talab etadi.
Shu maqsadda Ohangaron tumani jamiyati vakillari tomonidan hududda uyda ta’lim tashkil etilgan o‘quvchilar holatini o‘rganish yuzasidan monitoring ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning yashash sharoiti, dars mashg‘ulotlarining tashkil etilishi, o‘quvchilarga biriktirilgan pedagoglarning darslarga muntazam tashrif buyurishi, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlanganlik darajasi hamda ta’lim sifati holati atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, o‘quvchilarning bilim olish jarayonida yaratilgan qulayliklar, ota-onalar bilan hamkorlik ishlari, darslarning belgilangan jadval asosida olib borilishi hamda o‘quvchilarning bilim darajasini oshirishga qaratilgan yondashuvlar ham o‘rganildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uyda ta’lim tizimida eng muhim masalalardan biri — bu o‘quvchining sifatli ta’lim olish huquqini to‘liq ta’minlashdir. Chunki har bir bola, uning salomatligi yoki jismoniy holatidan qat’i nazar, bilim olish huquqiga ega. Shu bois inklyuziv ta’lim tamoyillarini keng joriy etish, uyda ta’lim olayotgan bolalarni ham doimiy nazorat va e’tiborda ushlab turish muhim ahamiyat kasb etadi.
Monitoring davomida ayrim xonadonlarda o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar, o‘quv qurollari bilan ta’minlanganlik holati ham ko‘rib chiqildi. Ota-onalar bilan suhbatlar o‘tkazilib, uyda ta’lim jarayonidagi mavjud muammolar, taklif va mulohazalar tinglandi. Shu bilan birga, pedagog xodimlarga ta’lim sifati va mas’uliyat masalalari yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Ta’kidlash joizki, inklyuziv ta’lim va uyda ta’lim tizimini samarali tashkil etish nafaqat o‘quvchining bilim olishi, balki uning jamiyatga moslashuvi, ruhiy qo‘llab-quvvatlanishi va kelajakda mustaqil hayotga tayyor bo‘lishida ham muhim omil hisoblanadi.
Ohangaron tumani jamiyati tomonidan bu kabi o‘rganish ishlari kelgusida ham davom ettirilishi, uyda ta’lim olayotgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha tizimli monitoring ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.
Ohangaron tumanida Uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar holati o‘rganildi
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 13
























