Denov tumanida fuqaro tomonidan onlayn savdo orqali buyurtma qilingan avtomobil o‘rindiq qoplamasi bilan bog‘liq murojaat o‘rganilib, iste’molchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Denov tumani Minora mahalla fuqarolar yig‘ini Toshtepa qishlog‘ida yashovchi fuqaro Q.N. “Damas” rusumli avtomashinasi uchun o‘rindiq qoplamasi, ya’ni “chixol” xarid qilish maqsadida Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali sotuvchi bilan bog‘langan. Iste’molchi mahsulot uchun 690 000 so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshirgan.
Biroq to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng bir necha kun o‘tsa-da, buyurtma qilingan mahsulot yetkazib berilmagan. Sotuvchi bilan bog‘lanish va mahsulotni olish borasidagi urinishlar natija bermagach, mazkur holat iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Ushbu holat bugungi kunda tobora ommalashib borayotgan onlayn savdoning afzalliklari bilan bir qatorda ayrim xavfli jihatlari ham mavjudligini ko‘rsatadi. Albatta, internet orqali xarid qilish vaqtni tejaydi, mahsulotlarni tez solishtirish, narxlarni ko‘rish va uydan chiqmagan holda buyurtma berish imkonini yaratadi. Biroq sotuvchi haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmasdan, mahsulotni ko‘rmasdan yoki rasmiy to‘lov hujjatisiz oldindan pul o‘tkazish iste’molchi uchun muammoli holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shundan so‘ng fuqaro amaliy yordam so‘rab Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaat belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida iste’molchining vajlari, mahsulot uchun amalga oshirilgan to‘lov holati hamda Instagram platformasi orqali olib borilgan savdo munosabatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Jamiyat mutaxassislari tomonidan ijtimoiy tarmoqdagi sotuvchi bilan bog‘lanish choralari ko‘rildi.
Olib borilgan izlanishlar natijasida Instagram platformasi orqali ushbu mahsulot savdosi bilan shug‘ullangan tadbirkorlar aniqlandi. Tomonlar bilan olib borilgan tushuntirish ishlari davomida iste’molchining huquqlari, sotuvchining majburiyatlari hamda mahsulot yetkazib berilmagan taqdirda to‘langan mablag‘ni qaytarish zarurligi tushuntirildi.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan ko‘rilgan amaliy choralar natijasida fuqaro Q.N.ning murojaati ijobiy hal etildi. Iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirilib, buyurtma qilingan, biroq yetkazib berilmagan o‘rindiq qoplamasi uchun to‘langan 690 000 so‘m mablag‘ qaytarib berildi.
Shu tariqa, iste’molchining buzilgan huquqi tiklandi va murojaat ijobiy yakun topdi.
Mazkur holat onlayn savdo jarayonida har bir iste’molchi ehtiyotkor bo‘lishi zarurligini yana bir bor eslatadi. Xarid qilishdan avval sotuvchining ishonchliligi, mahsulot haqida to‘liq ma’lumot, yetkazib berish muddati, kafolat shartlari, qaytarish tartibi va to‘lov hujjati mavjudligiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Agar internet orqali buyurtma qilingan mahsulot yetkazib berilmasa, sifatsiz bo‘lsa yoki sotuvchi o‘z majburiyatlarini bajarmasa, iste’molchi belgilangan tartibda murojaat qilib, to‘langan mablag‘ni qaytarish, mahsulotni almashtirish yoki boshqa qonuniy talablarni qo‘yish huquqiga ega.
Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda onlayn savdo sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi? 1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























