O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy o‘rtasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Xitoy delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilmoqda.
Xitoy tomonining yurtimizga tashrifi bo‘yicha rasmiy murojaati ko‘rib chiqilgan bo‘lib, tomonlar o‘rtasida dastlabki kelishuvlarga erishildi. Agar tashkiliy masalalarda o‘zgarishlar yuzaga kelmasa, mazkur tashrif 2026-yilning ikkinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Tashrif doirasida tomonlar o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilinadi. Shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Uchrashuvlar davomida sohaga oid davlat siyosati, ilg‘or tajribalar almashinuvi hamda o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashiladi.
Hamkorlikning asosiy maqsadi — ikki mamlakat iste’molchilarining huquqlarini samarali himoya qilish, shuningdek elektron tijorat, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini rivojlantirishdan iborat.
Mazkur kelishuvlar doirasida sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm yo‘nalishlarida hamkorlikning yangi modellari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Bu esa ikki davlatning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Jahon bozorlarida raqobat kuchayib borayotgan bugungi sharoitda bunday hamkorlik nafaqat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlaydi, balki umumiy iqtisodiy rivojlanishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
























