Bugungi kunda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanib, turli xizmatlardan masofadan turib foydalanish tobora kengayib bormoqda. Biroq shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish natijasida fuqaroning xabarisiz uning nomiga kredit rasmiylashtirilishi kabi holatlar iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasiga yanada jiddiy yondashishni talab etadi.
Shunday holatlardan biri bo‘yicha Qibray tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati fuqaro Xudayberganova Gulbahor Kamiljanovnaning manfaatlarini ko‘zlab sudga murojaat qildi.
Kreditlar fuqaroning xabarisiz rasmiylashtirilgan
Ish hujjatlarida qayd etilishicha, fuqaro nomiga 2024-yil 16-avgust va 17-sentabr kunlari “ALIF MOLIYA” MCHJ bilan ikkita onlayn kredit shartnomasi rasmiylashtirilgan.
Biroq fuqaro ushbu kreditlarni o‘zi rasmiylashtirmaganini, shartnomalar uning xabardorligi va erkin xohish-irodasiga zid ravishda tuzilganini bildirgan. Kredit mablag‘lari esa uchinchi shaxs tomonidan o‘zlashtirilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi ham qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudining 2025-yil 29-iyuldagi hukmi bilan Komilov G‘ofurjon Shuhrat o‘g‘li tegishli jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va hukm qonuniy kuchga kirgan.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, u fuqarolarning ishonchidan foydalanib, ularning shaxsiy ma’lumotlari hamda “Face ID” orqali ularning xabarisiz kredit tashkilotlari bilan shartnomalar tuzgan va kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan.
Iste’molchi huquqi himoyachilar ko‘magida sudga olib chiqildi
Mazkur vaziyatda fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash maqsadida Qibray tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati uning manfaatlarini ko‘zlab “ALIF MOLIYA” MCHJga nisbatan sudga da’vo arizasi kiritdi.
Da’voda fuqaroning roziligisiz rasmiylashtirilgan kredit shartnomalarini haqiqiy emas deb topish, iste’molchidan noqonuniy ushlab qolingan mablag‘larni qaytarish hamda undirish jarayonini to‘xtatish so‘ralgan.
Ish Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi.
Sud ish materiallarini, taqdim etilgan dalillarni hamda jinoyat ishi bo‘yicha hukm mazmunini o‘rganib chiqdi.
Sud: shartnomalar haqiqiy emas
Sud tomonidan fuqaro kredit shartnomalarini tuzishda shaxsan ishtirok etmagani, uning shaxsiy ma’lumotlaridan xabarisiz foydalanilgani va kredit mablag‘lari boshqa shaxs tomonidan o‘zlashtirilgani holatlari inobatga olindi.
Natijada sud da’voni qanoatlantirishga qaror qildi.
Sudning 2026-yil 9-iyuldagi sirtdan chiqarilgan hal qiluv qaroriga ko‘ra, “ALIF MOLIYA” MCHJ bilan Xudayberganova Gulbahor Kamiljanovna o‘rtasida tuzilgan 2024-yil 16-avgustdagi hamda 2024-yil 17-sentabrdagi kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topildi.
Eng muhimi, javobgar zimmasiga iste’molchidan ushlab qolingan 6 million 962 ming 500 so‘m mablag‘ni Xudayberganova Gulbahor Kamiljanovnaga qaytarish majburiyati yuklatildi.
Bir murojaat ortida — insonning real muammosi
Mazkur ish iste’molchi huquqlari buzilgan holatlarda huquqiy himoya mexanizmlaridan foydalanish muhimligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Fuqaroning xabarisiz uning nomiga kredit rasmiylashtirilishi nafaqat moliyaviy muammo, balki insonning huquqiy manfaatlariga daxldor jiddiy masaladir. Bunday vaziyatlarda iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va muammoni qonuniy tartibda hal etish uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi muhim.
Qibray tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining mazkur ish bo‘yicha sudga murojaat qilishi natijasida iste’molchining manfaatlari sudda himoya qilindi va uning nomiga xabarisiz rasmiylashtirilgan kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topildi.Bu holat yana bir haqiqatni ko‘rsatadi: iste’molchi muammosi e’tiborsiz qolmasligi kerak. Har bir murojaat ortida insonning huquqi, manfaatlari va taqdiri turadi.
Toshkent viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi
Matbuot xizmati
Qibray tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan sudga olib chiqilgan ishda iste’molchi foydasiga qaror chiqarildi
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 6
























