Выберите язык

Shifokorlar uchun ham, tibbiy xizmat iste’molchilari uchun ham muhim bo‘lgan huquqiy talab
Bugungi kunda tibbiyot sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va xavfsizligi masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Zero, tibbiy xizmat oddiy xizmat turlaridan farqli ravishda inson hayoti va salomatligi bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli tibbiyot xodimining kasbiy bilim va malakasi, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yetarli tayyorgarlikka ega bo‘lishi hamda amaldagi talablarga rioya qilishi muhimdir.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2022-yil 28-oktabrdagi O‘RQ-798-sonli Qonun bilan qabul qilingan va 2023-yil 30-apreldan kuchga kirgan. Mazkur Kodeksda tibbiyot xodimlari, xususan, shifokorlarning kasbiy faoliyatiga taalluqli muhim norma belgilangan.
Mehnat kodeksining 502-moddasi 5-qismida shifokorning mutaxassisligi bo‘yicha ish stajida uch yil yoki undan ortiq tanaffus mavjud bo‘lgan taqdirda, uning kasbiy faoliyatini qayta boshlashidan oldin tegishli ixtisoslashuv kurslaridan o‘tishi shartligi nazarda tutilgan.
Bunda gap shifokorning avvalgi yillarda olganligi hujjat bilan tasdiqlangan mavjud bazaviy, asosiy yoki qo‘shimcha mutaxassisligiga muvofiq ixtisoslashuv kurslaridan o‘tishi haqida bormoqda.
Mazkur talabning ahamiyati shundaki, tibbiyot sohasi doimiy ravishda rivojlanib boradi. Tibbiyotda yangi usullar, zamonaviy davolash yondashuvlari, tibbiy texnologiyalar va amaliyotlar joriy etilmoqda. Shifokor kasbiy faoliyatida uzoq muddat tanaffus qilganidan so‘ng o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga qaytayotgan bo‘lsa, uning bilim va ko‘nikmalarini yangilashi bemorlar xavfsizligi uchun ham muhimdir.
Ushbu norma nafaqat davlat tibbiyot muassasalari, balki xususiy klinikalar faoliyati uchun ham dolzarbdir. Tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot rahbariyati va mas’ul xodimlar xodimlarni ishga qabul qilish hamda kasbiy faoliyatga qo‘yish jarayonida belgilangan talablarga rioya etishlari lozim.
Bu masalaga beparvolik bilan qarashning oqibati esa jiddiy bo‘lishi mumkin. Chunki shifokorning kasbiy faoliyatga tayyorgarligi va malakasi bevosita bemorning hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq.
Agar qonunchilikda belgilangan talablar buzilib, tegishli ixtisoslashuv kurslaridan o‘tmagan shifokor kasbiy faoliyatga qo‘yilsa va buning oqibatida bemorning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilsa, mas’ul shaxslarning javobgarligi masalasi yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatda ish beruvchi rahbar, kadrlar xizmati mas’ul xodimlari hamda tegishli shifokorning harakatlariga huquqiy baho berilishi ehtimoldan xoli emas.
Bu talab iste’molchi uchun nima beradi?
Tibbiy xizmatdan foydalanayotgan fuqaro ham iste’molchi hisoblanadi. Shuning uchun bemorning sifatli va xavfsiz tibbiy xizmat olishga bo‘lgan manfaatlari doimo e’tiborda bo‘lishi kerak.
Iste’molchi tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgan muassasa, xizmatning shartlari va o‘ziga ko‘rsatilayotgan xizmat haqida zarur va ishonchli ma’lumotga ega bo‘lishi muhim. Ayniqsa, inson hayoti va salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tibbiy xizmatlarda mutaxassisning kasbiy tayyorgarligi va malakasi masalasi katta ahamiyatga ega.
Shu nuqtayi nazardan, Mehnat kodeksining mazkur talabi faqat shifokor yoki ish beruvchi uchun belgilangan oddiy mehnat talabi sifatida emas, balki tibbiy xizmat iste’molchilarining huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim mexanizm sifatida ham qaralishi lozim.
Tibbiyot muassasalari rahbarlari o‘z faoliyatida ushbu talabga qat’iy rioya etishlari, shifokorlar esa o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borishlari zarur.
Zero, tibbiyotda malaka va mas’uliyat — nafaqat shifokorning kasbiy burchi, balki bemor hayoti va salomatligining muhim kafolatidir.
Tibbiy xizmat iste’molchisi esa o‘z huquqlarini bilishi, ko‘rsatilayotgan xizmat sifatiga befarq bo‘lmasligi va huquqlari buzilgan taqdirda qonuniy tartibda murojaat qilishi lozim.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid masalalarda 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilish mumkin.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening