Chiqindi xizmati uchun ortiqcha hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kommunal xizmatlar sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish hamda asossiz hisoblangan qarzdorliklarni bartaraf etish borasida Qumqo‘rg‘on tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Qumqo‘rg‘on tumani Xo‘jamulki mahallasi Zarkamar ko‘chasida yashovchi fuqaro Raxmonqulov Farxod Shaymardanovich O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Fuqaro murojaatida “Toza hudud” korxonasi bilan maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha shartnoma tuzmaganligi, qishloq sharoitida chiqindi xizmati ko‘rsatilmaganiga qaramay, xonadoniga 800 ming so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblanganidan noroziligini bildirgan. Shuningdek, ushbu qarzdorlik sababli elektr ta’minotida cheklovlar yuzaga kelayotganini ma’lum qilib, masalaga amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Qumqo‘rg‘on tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan nazoratga olinib, jamiyat xodimi B. Buriev tomonidan “Toza hudud” DUK Qumqo‘rg‘on tumani filiali mas’ullari bilan hamkorlikda o‘rganildi.
O‘rganish davomida fuqaro istiqomat qilayotgan Xo‘jamulki mahallasi Zarkamar ko‘chasiga “Toza hudud” DUK tomonidan maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmati ko‘rsatib kelinayotgani aniqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 765-sonli qarori talablari asosida Xo‘jamulki mahallasi bilan tegishli shartnoma tuzilib, belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida esa fuqaro Raxmonqulov Farxodning xonadoniga ikki nafar shaxs uchun ortiqcha to‘lov hisoblab kelingani aniqlangan. Jamiyat xodimlarining amaliy aralashuvi natijasida ikki kishiga nisbatan hisoblangan noreal qarzdorlik “Toza hudud” DUK Qumqo‘rg‘on tumani filiali tomonidan bartaraf etildi.
Shu tariqa, fuqaroning murojaatida ko‘tarilgan masala ijobiy hal etilib, asossiz hisob-kitoblar bekor qilindi. O‘rganish natijalari yuzasidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirildi va murojaat muallifiga yozma javob taqdim etildi.
Iste’molchi huquqlarini himoya qilish – doimiy e’tiborda! Qumqo‘rg‘on tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan kommunal xizmatlar sohasida fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, noto‘g‘ri hisob-kitoblarni bartaraf etish hamda iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Fuqarolar o‘z huquqlari buzilgan holatlarda Federatsiyaning 1091 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.
























