Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va dori vositalari savdosida qonuniylikni ta’minlash masalalari o‘rganildi.
Xalq deputatlari Sariosiyo tumani Kengashi deputatlari tomonidan hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy va tibbiy xizmatlar sifati ustidan deputatlik nazorati tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Haftalik ish reja ijrosi doirasida “3-Chorag‘on” saylov okrugidan saylangan deputat, Sariosiyo tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi M. Zaripova hamda jamiyatning huquqiy himoya va murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha inspektori M. O‘lmasov ishtirokida “Shahriobod” mahallasida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi, aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sifati hamda hududdagi dorixonalar faoliyati atroflicha o‘rganildi.
Shuningdek, dorixonalardagi dori vositalari zaxirasi, ularni saqlash sharoitlari va dori-darmon narxlarining qonunchilik talablariga muvofiqligi ko‘zdan kechirildi. Shu bilan birga, aholi bilan muloqot davomida fuqarolarni qiynayotgan muammolar va ularning takliflari tinglandi.
Uchrashuv yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Ta’kidlash joizk, bunday deputatlik nazorati tadbirlari aholining salomatligini muhofaza qilish, dori vositalari savdosida qonuniylikni ta’minlash va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aholi manfaatlari va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish — doimiy e’tiborda!
























