⚡️ Shahrisabz shahrida go‘zallik saloniga to‘langan 1 100 000 so‘m pul mablag‘i iste’molchiga to‘liq qaytarib berildiBugungi kunda go‘zallik salonlari aholiga turli xil maishiy xizmatlarni ko‘rsatishda muhim o‘rin tutadi.
Bunday xizmatlardan foydalanayotgan har bir iste’molchi sifatli, xavfsiz va shartnomaga muvofiq xizmat olish huquqiga ega.
Xizmat belgilangan talablar asosida bajarilmagan yoki umuman ko‘rsatilmagan taqdirda esa iste’molchi o‘zining qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun tegishli tartibda murojaat qilish huquqiga ega.
📍 Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahrida yashovchi fuqaro Y.U. tomonidan Shahrisabz shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat kelib tushdi.
Murojaatda ta’kidlanishicha, fuqaro Yangi Kesh bozori hududida faoliyat yuritayotgan “Shukrona” go‘zallik saloniga xizmat ko‘rsatish uchun 1 100 000 so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshirgan.
Biroq xizmat ko‘rsatish jarayonida iste’molchining qonuniy e’tirozlari yuzaga kelgan.
Xususan, xizmat belgilangan darajada va sifatda bajarilmagani sababli fuqaro o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida Shahrisabz shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan belgilangan tartibda o‘rganildi.
Holat yuzasidan xizmat ko‘rsatuvchi salon rahbariyati bilan tushuntirish va muzokaralar olib borildi hamda amaldagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari asosida masala ijobiy hal etildi.
Natijada iste’molchi tomonidan to‘langan 1 100 000 so‘m pul mablag‘i to‘liq hajmda qaytarib berildi.
Ushbu holat iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda murojaatlarni o‘z vaqtida va xolis ko‘rib chiqish muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shahrisabz shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati fuqarolarning murojaatlarini qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash hamda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni izchil davom ettirib kelmoqda.
⚖️ Unutmang, har bir iste’molchi sifatli xizmat olish, yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish hamda o‘z huquqlari buzilgan taqdirda ularni qonuniy tartibda himoya qilish huquqiga ega.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati esa fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘lida doimo amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor.
























