Shahrisabz shahrida muddatli to‘lov asosida olingan telefon muammosi adolatli yakun topdi
Muddatli to‘lov asosida maishiy texnika va elektron qurilmalarni xarid qilish bugungi kunda fuqarolar uchun qulay imkoniyatlardan biridir.
Biroq xarid jarayonida shartnoma va to‘lov hujjatlarining to‘g‘ri rasmiylashtirilishiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Aks holda, xaridor uchun turli tushunmovchilik va noqulayliklar yuzaga kelishi mumkin.
Murojaatda yoritilishicha, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida yashovchi fuqaro M.J. shahar markazida joylashgan savdo do‘konidan 5 300 000 so‘mga muddatli to‘lov asosida telefon xarid qilgan.
Biroq keyinchalik telefon boshqa fuqaro nomiga rasmiylashtirilgani aniqlangan.
Mazkur holatdan norozi bo‘lgan fuqaro 1091 ishonch telefoni orqali Shahrisabz shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.
Shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaat atroflicha o‘rganilib, savdo do‘koni xodimlari bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida telefon haqiqatan ham boshqa fuqaro nomiga muddatli to‘lov asosida rasmiylashtirilgani aniqlandi.
Mas’ullar tomonidan fuqaroga vaziyat yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilib, boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan muddatli to‘lov majburiyati tez orada to‘liq yopilishi ta’minlandi.
Xulosa qilib aytganda, har qanday mahsulotni, ayniqsa muddatli to‘lov asosida xarid qilishda shartnoma va to‘lov hujjatlaridagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini sinchiklab tekshirish muhim.
Fuqaro o‘z huquqi buzilgan yoki xarid jarayonida noaniqlik yuzaga kelgan taqdirda, tegishli tashkilotlarga murojaat qilishdan tortinmasligi lozim.
Iste’molchi huquqlarining himoya qilinishi — adolatli va qonuniy savdo munosabatlarining muhim kafolatidir.
























