KREDIT SHARTNOMASI BEKOR QILINDI
Sifatsiz tovarni do‘konga qaytardingiz, ammo kredit to‘lovlari kartangizdan yechilishda davom etyaptimi? Bunday holatda ham iste’molchining huquqini tiklash mumkin.
Uychi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro iste`molchilar huquqlarini himoya qilish ijro etuvchi apparatiga yozma murojaat qildi.
Fuqaroning ma’lum qilishicha, u Uychi tumani markazida joylashgan “Kredit savdo” do‘konidan shartnoma asosida sok siqish uskunasi xarid qilgan. Biroq mahsulot sifatsiz bo‘lib chiqqan.
Gulbahor Karimova tovarni do‘konga qaytarib olib borganida, savdo xodimlari mahsulot servis xizmatiga yuborilishini aytib, uni olib qolishgan. Ammo oradan vaqt o‘tsa-da, mahsulot ta’mirlash uchun servis xizmatiga yuborilmagan.
Eng achinarlisi, mahsulot fuqaroning qo‘lida bo‘lmaganiga qaramay, uning plastik kartasidan har oy 650 ming so‘mdan kredit to‘lovlari yechib borilgan.
Fuqaro muammoni hal qilish uchun savdo do‘koniga bir necha bor murojaat qilgan, ammo natija bo‘lmagan.
Shundan so‘ng u sifatsiz tovar uchun yechib olingan 3 million 200 ming so‘m mablag‘ni qaytarish hamda do‘kon bilan tuzilgan kredit shartnomasini bekor qilishda amaliy yordam so‘radi.
⚖️ Murojaat yuzasidan fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Uchqo‘rg‘on tumanlararo fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritildi.
✅ Natijada:
— fuqaro bilan savdo do‘koni o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilindi;
— sifatsiz mahsulot uchun plastik kartadan yechib olingan pul mablag‘lari iste’molchiga qaytarib berildi.
Iste’molchi o‘z huquqini talab qilsa, muammo yechimsiz qolmaydi!
Siz ham sifatsiz tovar, asossiz to‘lov yoki shartnoma bilan bog‘liq muammoga duch kelsangiz, huquqingizni himoya qilishdan chekinmang.
























