Bugungi kunda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda bozorda halol va adolatli savdo munosabatlarini qaror toptirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois fuqarolardan kelib tushayotgan har bir murojaat amaldagi qonunchilik talablari asosida atroflicha o‘rganilib, iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Baliqchi tumanida yashovchi fuqaro F.B. 2026-yil 8-may kuni tuman markazidagi “U Nosir” ko‘chasida joylashgan maishiy texnika savdo do‘konidan 2 000 000 so‘m evaziga SAMSUNG rusumli mikroto‘lqinli pech xarid qilgan. Biroq, mahsulot sifat talablariga javob bermagani sababli uni sotuvchiga qaytarish bo‘yicha murojaat qilgan bo‘lsa-da, ushbu murojaat qanoatlantirilmagan.
Shundan so‘ng fuqaro Baliqchi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, holat atroflicha o‘rganildi. Natijada iste’molchining talabi asosli ekani aniqlanib, sifatsiz mikroto‘lqinli pech uchun to‘langan 2 000 000 so‘m mablag‘ iste’molchi foydasiga to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, savdo do‘koni mas’ullariga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari, iste’molchilar huquqlariga rioya etish hamda kelgusida shunday holatlarning oldini olish yuzasidan zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.
Iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, ularning murojaatlariga o‘z vaqtida va adolatli yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
























