Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish va fuqarolarning qonuniy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va muammolariga amaliy yechim topish xalq roziligini ta’minlashning muhim omillaridan biridir.
Sifat — taraqqiyot va farovonlikning muhim mezoni. U mahsulotning talab darajasida bo‘lishi bilangina emas, balki tadbirkor va sotuvchining mas’uliyati, iste’molchiga bo‘lgan hurmati hamda xizmat ko‘rsatish madaniyatida ham namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Andijon viloyati hududiy birlashmasi hamda tuman va shahar jamiyatlariga kelib tushayotgan murojaatlar belgilangan tartibda o‘rganilib, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Baliqchi tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga fuqaro M.M. murojaat qilib, Baliqchi shahrida faoliyat yurituvchi “Sifat” MChJga qarashli savdo do‘konidan umumiy qiymati 17 million 915 ming so‘mlik 8 dona eshik xarid qilganini, biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay ularda nosozliklar yuzaga kelganini ma’lum qildi.
Murojaat soha mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. Savdo do‘koni rahbari va xodimlariga tegishli tushuntirishlar berilib, masalani ijobiy hal etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi. Natijada nosoz eshik romlari ta’mirlanib, iste’molchining muammosi bartaraf etildi.
Murojaati ijobiy hal etilganidan mamnun bo‘lgan fuqaro Federatsiya tizimidagi mutaxassislarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Zero, iste’molchi roziligi — xizmat sifati va mas’uliyatining eng muhim mezonidir. Huquqlari himoyalangan, murojaati e’tiborsiz qolmayotgan inson esa ertangi kunga yanada katta ishonch bilan qaraydi.
























