Qishloq xo‘jaligida sifatli urug‘ yuqori hosilning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Ammo ayrim hollarda iste'molchilar xarid qilgan urug‘ kutilgan natijani bermasligi, hatto umuman unmasligi mumkin. Bunday vaziyatlarda fuqaro qanday yo‘l tutishi kerak? Yaqinda kuzatilgan bir murojaat bu savolga amaliy javob bo‘la oladi.
Iste'molchi B.A. O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaat qilib, 2026 yil fevral oyida shu kabi mashulotlar bilan savdo qiluvchi do‘kondan karam urug‘i mahsuloti xarid qilgani, ammo mahsulot sifatsiz chiqqani sababli zarar ko‘rganini ma'lum qildi.
Murojaat asosida Oltiariq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Murojaatda keltirilgan holatni aniqlash maqsadida sotuvchi korxonadan tushuntirish va tegishli hujjatlarni taqdim etish so‘raldi. Shuningdek, iste'molchining huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi.
O‘rganishlar davomida sotuvchi tomoni bilan muzokaralar o‘tkazildi. Natijada sotuvchi tomoni iste'molchining e'tirozini asosli deb topdi va sifatsiz mahsulot uchun to‘langan 1 300 000 so‘m mablag‘ni qaytarishga rozilik bildirdi.
Mazkur holat iste'molchilar uchun muhim xulosani ko‘rsatadi: agar xarid qilingan tovar belgilangan sifat talablariga javob bermasa, iste'molchi o‘z huquqlarini talab qilishga haqli. Buning uchun tovarni xarid qilganlikni tasdiqlovchi hujjatlar, cheklar, shartnomalar va boshqa dalillarni saqlab qo‘yish muhim ahamiyatga ega.
Mutaxassislar ta'kidlashicha, sifatsiz mahsulot tufayli zarar ko‘rilganda iste'molchi avvalo sotuvchiga murojaat qilishi, muammo bartaraf etilmagan taqdirda esa iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari yoki vakolatli davlat organlariga murojaat etishi mumkin.
Zero, qonunchilikka ko‘ra har bir iste'molchi sifatli va xavfsiz mahsulot sotib olish huquqiga ega. O‘z vaqtida qilingan murojaat esa nafaqat muammoni hal etadi, balki bozorda halol va mas'uliyatli tadbirkorlik muhitini shakllantirishga ham xizmat qiladi.
























