Boysun tumanida fuqaroning 2 million 500 ming so‘mlik xarid bo‘yicha murojaati o‘rganildi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda yuzaga kelgan masalalarga amaliy yechim topish borasida Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Boysun tumani “Poygaboshi” mahallasida yashovchi fuqaro Jalilova Xurshida 2026-yil 2-sentabr kuni jamiyatga murojaat qilib, Boysun tumani At-Termiziy ko‘chasida joylashgan qurilish mollari savdo do‘konidan 2 500 000 so‘mga suv tortish motori xarid qilganini bildirgan.
Fuqaroning murojaatiga ko‘ra, xarid qilingan suv tortish motori nosoz chiqqan. Shu sababli u savdo do‘koni xodimidan mahsulotni qaytarib olishni so‘ragan, biroq uning murojaati e’tiborsiz qoldirilgan.
Mazkur murojaat Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganildi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, iste’molchiga do‘kondan xarid qilingan EPO rusumli suv tortish motorini sifatsizligi sababli almashtirish yoki ushbu mahsulot uchun to‘langan pul mablag‘ini qaytarib olish imkoniyati tushuntirildi.
Shuningdek, savdo do‘koni xodimiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni talablari hamda iste’molchining huquqlari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
2026-yil 4-sentabr kuni tuzilgan suhbat bayonnomasida fuqaro murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish va berilgan tushuntirishlardan qanoat hosil qilganini bildirgani qayd etilgan.
Mazkur holat iste’molchilarning xarid qilingan mahsulot sifati bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda o‘z huquqlarini bilishi va qonuniy talablarini bildira olishi muhimligini ko‘rsatadi.
Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida! Fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, ularga huquqiy tushuntirish berish va iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
























