Выберите язык

Tish og‘rig‘i odamni uzoq kutdirmaydi. Og‘riq boshlandi — klinika izlanadi. “Bugunoq qabul qilamiz”, “implantga chegirma”, “tishni og‘riqsiz davolaymiz”, “bir kunda yangi tabassum” kabi reklamalarga ko‘z tushadi.

Ammo stomatologiya xizmatida shoshilish keyinchalik qo‘shimcha xarajat yoki boshqa muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Chunki bemor uchun savol faqat “Tishimni qancha pulga davolataman?” emas.

Qanday muolaja qilinadi? Narxga nimalar kiradi? Qaysi material ishlatiladi? Davolash necha bosqichdan iborat? Kafolat bormi? Muammo yuzaga kelsa, kimga murojaat qilaman?

Bu savollarga javobni davolanishdan oldin bilish foydali.

Stomatologiya ham tibbiy xizmat

Stomatologiya xizmatlari ham tibbiy faoliyat doirasiga kiradi. O‘zbekistonda tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talab etiladi va amaldagi tartibda litsenziya tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha beriladi.

Shu sababli bemor murojaat qilayotgan klinikaning qonuniy faoliyat yuritayotganiga e’tibor berishi mumkin.

Ayniqsa qimmat implant, protezlash, ortodontiya yoki jarrohlik amaliyotlaridan oldin klinika va mutaxassis haqida ma’lumot olish ortiqcha emas.

Bemor “tishimni davolang” deyish bilan cheklanmasin

Stomatolog ko‘rigiga borgan bemorga:

“Mana shu tishni davolaymiz, narxi falon so‘m”,

deyilishi mumkin.

Ammo bemor muolajaning mohiyatini tushunishi muhim.

Masalan:

  • tishda qanday muammo bor?

  • qanday davolash usuli tavsiya qilinyapti?

  • tishni saqlab qolish mumkinmi?

  • kanal davolash kerakmi?

  • plomba yoki koronka kerakmi?

  • muolaja necha bosqichda bajariladi?

  • qanday material ishlatiladi?

Bemor o‘z sog‘lig‘i holati, tekshiruv natijalari, tashxisi, davolash usullari va ular bilan bog‘liq xavf-xatarlar haqida ma’lumot olish huquqiga ega. Bu huquq stomatologik xizmatdan foydalanayotgan bemorga ham tegishli.

“Bir tish — bir narx” har doim ham shunday emas

Stomatologiyada xizmat narxi ko‘pincha muolaja turiga qarab shakllanadi.

Masalan, “tish davolash — 500 ming so‘m” degan narx aytilgan bo‘lishi mumkin.

Lekin keyinchalik:

  • rentgen;

  • anesteziya;

  • kanalni davolash;

  • plomba;

  • vaqtinchalik plomba;

  • qo‘shimcha materiallar;

  • qayta ko‘rik

uchun alohida to‘lov talab qilinishi mumkin.

Shuning uchun bemorning eng oddiy savoli:

“Men jami qancha pul to‘layman?”

bo‘lishi kerak.

Narxga nimalar kirishi va nimalar alohida hisoblanishini oldindan aniqlashtirib oling.

Implant qo‘yish narxiga nimalar kiradi?

Implantatsiya masalasida bu savol yanada muhim.

Reklamada:

“Implant — 3 million so‘m!”

degan yozuvni ko‘rish mumkin.

Ammo bemor klinikaga borgach, implantning o‘zi bir narx, abutment boshqa narx, koronka yana boshqa narx ekanini bilishi mumkin.

Bundan tashqari, ayrim holatlarda diagnostika yoki qo‘shimcha muolajalar ham kerak bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun implant qo‘yishdan oldin:

“E’lon qilingan narxga aynan nimalar kiradi?”

“Yakuniy narx qancha bo‘ladi?”

“Qo‘shimcha muolaja kerak bo‘lsa, u qancha turadi?”

degan savollarni berish kerak.

Protez va koronka tanlashda ham shoshilmang

“Koronka — 800 ming so‘m”, “protez — 2 million so‘m” degan narxlar turli joylarda uchrashi mumkin.

Ammo materialning turi, konstruksiya, tayyorlash usuli va boshqa shartlar narxga ta’sir qilishi mumkin.

Bemor:

  • qanday material ishlatilishini;

  • uning xususiyatlarini;

  • narxga nimalar kirishini;

  • tayyorlash muddati qancha ekanini;

  • qayta moslashtirish zarur bo‘lsa, tartib qanday bo‘lishini

oldindan aniqlashi mumkin.

Faqat narxga qarab tanlov qilish esa har doim ham to‘g‘ri yondashuv bo‘lavermaydi.

“Kafolat” nimani anglatadi?

Stomatologiya xizmatlarida “kafolat” so‘zi tez-tez ishlatiladi.

Masalan:

“Plombaga 1 yil kafolat.”

“Implantga 10 yil kafolat.”

Bunday va’dani eshitgan bemor darhol:

“Kafolat aynan nimaga beriladi?”

deb so‘rashi kerak.

Masalan, materialga kafolatmi? Ish sifatigami? Qaysi holatlarda amal qiladi? Bemor shifokor tavsiyalariga rioya qilmasa, kafolat o‘z kuchida qoladimi?

Kafolat shartlarini yozma shaklda olish yanada ma’qul.

“Og‘rimaydi” degan reklama-chi?

Stomatologiya reklamalarida:

“Og‘riqsiz davolaymiz!”

“Qo‘rqmang, hech narsani sezmaysiz!”

kabi iboralarni ko‘rish mumkin.

Ammo har bir bemorning holati va muolajasi bir xil emas.

Shuning uchun reklamadagi umumiy va’daga emas, aynan sizga qilinadigan muolaja, uning usuli va ehtimoliy noqulayliklari haqida shifokordan ma’lumot olish muhim.

Tish sug‘urishdan oldin savol bering

Tishni sug‘urish tavsiya qilindi.

Bemor esa:

“Mayli, sug‘uravering”,

deb qo‘ya qolishi mumkin.

Ammo agar vaziyat imkon bersa, avvalo:

“Bu tishni saqlab qolish imkoniyati bormi?”

“Sug‘urishning sababi nima?”

“Qanday muolaja qilish mumkin?”

“Sug‘urilgandan keyin nima qilish kerak?”

degan savollarni berish mumkin.

Bemor o‘z sog‘lig‘i va davolash usullari haqida ma’lumot olish huquqiga ega.

Rentgen yoki boshqa tekshiruv natijasini saqlang

Stomatologik davolanishda rentgen, KT yoki boshqa diagnostika natijalari kerak bo‘lishi mumkin.

Agar natija elektron shaklda berilsa, uni telefon yoki kompyuterda saqlab qo‘yish foydali.

Keyinchalik boshqa stomatologga murojaat qilsangiz, avvalgi tekshiruv natijalari kerak bo‘lishi mumkin.

Bu, ayniqsa, murakkab davolash, implantatsiya, protezlash yoki ortodontik muolajalarda muhim.

Tish davolashda chekni unutmang

Stomatologga 2–3 million so‘m to‘ladingiz.

Ammo chek olmadiz.

Keyin muammo yuzaga keldi.

Klinikaga murojaat qilganingizda esa:

“Qachon kelgandingiz?”

“Qaysi xizmatni olgandingiz?”

“Qancha to‘lagandingiz?”

degan savollar paydo bo‘lishi mumkin.

Shu sababli tibbiy xizmat uchun to‘lovni tasdiqlovchi hujjatni saqlab qo‘yish muhim.

Ayniqsa katta miqdordagi to‘lovlarda bank o‘tkazmasi, chek yoki boshqa to‘lov hujjatini yo‘qotmaslik kerak.

“Oldindan 100 foiz to‘lang” deyishsa

Ayrim klinikalarda davolashning barcha bosqichi uchun oldindan to‘lov so‘ralishi mumkin.

Bu holatda shartlarni aniq bilib oling.

Masalan, siz 10 million so‘m oldindan to‘ladingiz.

Keyin davolashni davom ettirishning imkoni bo‘lmadi.

Qolgan summa qanday hisoblanadi?

Qaysi qismi ko‘rsatilgan xizmat uchun sarflangan?

Qaysi qismi qaytarilishi mumkin?

Bu savollarni pul berishdan oldin so‘rash osonroq.

“Chegirma”ga aldanib qolmang

“Implantga 50 foiz chegirma!”

“Yangi mijozlarga bepul konsultatsiya!”

“Faqat bugun — 30 foiz chegirma!”

Bunday reklama odamni tez qaror qilishga undaydi.

Ammo tibbiy xizmatda shoshilinch qaror qabul qilishdan oldin xizmatning o‘zi va yakuniy narxini tushunish muhim.

Masalan, “bepul konsultatsiya” haqiqatan ham bepulmi yoki keyingi diagnostika va muolajalar uchun alohida to‘lov mavjudmi?

“Chegirma” qaysi xizmatga nisbatan qo‘llanadi?

Yakuniy summa qancha?

Bularni so‘rab oling.

Ijtimoiy tarmoqdagi reklamani saqlab qo‘ying

Bugungi kunda ko‘plab stomatologiya klinikalari Instagram, Telegram va boshqa platformalarda reklama beradi.

Agar sizni aynan reklamadagi ma’lumot qiziqtirgan bo‘lsa, uning skrinshotini saqlab qo‘yish foydali.

Ayniqsa:

  • narx;

  • chegirma;

  • kafolat;

  • xizmat tarkibi;

  • implant yoki protez turi;

  • “bepul” deb ko‘rsatilgan xizmat;

  • davolash muddati

haqidagi ma’lumotlarni saqlab qo‘ying.

Keyinchalik reklamadagi shart bilan amaldagi xizmat o‘rtasida farq paydo bo‘lsa, bu ma’lumotlar muhim bo‘lishi mumkin.

Davolash rejasini yozma shaklda olish foydali

Murakkab stomatologik muolajalarda bemor davolash rejasini yozma yoki elektron ko‘rinishda olishga harakat qilishi mumkin.

Masalan:

1-bosqich: diagnostika.

2-bosqich: davolash.

3-bosqich: protezlash.

4-bosqich: nazorat ko‘rigi.

Har bir bosqichning narxi alohida ko‘rsatilsa, bemor uchun umumiy xarajatni tushunish osonlashadi.

Boshqa stomatologga murojaat qilishdan qo‘rqmang

Murakkab yoki qimmat muolaja tavsiya qilinsa, bemor boshqa mutaxassisning fikrini ham olishni istashi mumkin.

Masalan, bir klinikada:

“Bu tishni albatta sug‘urish kerak”,

deyildi.

Boshqa shifokor esa boshqa davolash usulini taklif qilishi mumkin.

Ikkinchi fikr olish har qanday holatda majburiy degani emas. Ammo katta xarajat yoki murakkab muolaja oldidan bemor o‘ziga tushunarli bo‘lgan barcha ma’lumotlarni yig‘ib, ongli qaror qabul qilishi mumkin.

Muammo chiqsa, bemor nima qilishi kerak?

Tasavvur qiling, fuqaro stomatologik xizmat uchun katta miqdorda pul to‘ladi. Ammo keyinchalik kelishmovchilik yuzaga keldi.

Masalan:

  • kelishilgan xizmat to‘liq bajarilmadi;

  • narx oldindan aytilganidan oshib ketdi;

  • reklamadagi shart bilan amaldagi xizmat farq qildi;

  • xizmat bo‘yicha kafolat shartlari bajarilmadi.

Birinchi navbatda hujjatlarni yig‘ish kerak:

chek, shartnoma, davolash rejasi, tibbiy xulosa, rentgen yoki boshqa tekshiruv natijalari, yozishmalar va reklama materiallari.

Keyin klinikaga yozma murojaat qilish mumkin.

Bemorning shikoyat qilish huquqi bor

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda bemorning huquqlari buzilgan taqdirda uning o‘zi yoki qonuniy vakili davolash-profilaktika muassasasi rahbariga yoki boshqa mansabdor shaxsga, yuqori boshqaruv organiga yoxud sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkinligi belgilangan.

Shuning uchun:

“Xususiy klinika ekan, hech narsa qila olmayman”

degan qarash to‘g‘ri emas.

Muammo bo‘lsa, avvalo hujjatlarni yig‘ish va talabni aniq bayon qilish muhim.

Stomatologiya xizmatidan foydalanuvchi uchun 10 qoida

1. Klinikaning qonuniy faoliyat yuritayotganiga e’tibor bering.

2. Tashxis va davolash usulini tushunib oling.

3. Muolajaning to‘liq narxini oldindan so‘rang.

4. Narxga nimalar kirishini aniqlang.

5. Material yoki implant turi haqida ma’lumot oling.

6. Kafolat shartlarini yozma shaklda aniqlashtiring.

7. Katta summani oldindan to‘lashdan avval pulni qaytarish yoki davolash to‘xtatilishi holatlarini kelishib oling.

8. Chek va barcha tibbiy hujjatlarni saqlang.

9. Ijtimoiy tarmoqdagi reklama va yozishmalarni o‘chirmang.

10. Muammo yuzaga kelsa, klinikaga yozma murojaat qiling va zarur bo‘lsa vakolatli organ yoki sudga murojaat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqing.

Chiroyli tabassum — faqat reklama emas

Stomatologik xizmatda eng muhim masala faqat tishning tashqi ko‘rinishi emas. Bu yerda bemorning sog‘lig‘i, xavfsizligi, vaqti va mablag‘i haqida gap ketmoqda.

Shuning uchun “eng arzon narx”, “eng katta chegirma” yoki “bir kunda natija” kabi reklamalardan ko‘ra, davolash usuli, mutaxassis, xizmat narxi, material, kafolat va hujjatlarga e’tibor berish muhim.

Bemor o‘z sog‘lig‘ining holati, tashxisi, davolash usullari, ehtimoliy xavf-xatarlar va davolash natijalari haqida ma’lumot olish huquqiga ega.

Demak, stomatolog kreslosiga o‘tirishdan oldin bitta savolni berishning o‘zi kifoya emas.

“Tishimni davolaysizmi?” emas, “Qanday davolaysiz, qancha turadi, nimalar kiradi va keyinchalik muammo bo‘lsa nima bo‘ladi?” — mana shu savollarni ham berish kerak.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening